Muhammad Yusuf ona haqida sherlar. Muhammad Yusuf barcha she’rlari, shoir haqida insholar to’plami>>
Mundarija
Muhammad Yusuf ona haqida sherlar.
26 aprel kuni O‘zbekiston xalq shoiri Muhammad Yusuf tavallud topgan sana. Xalq orasida uning she’rlari doim sevilib mutolaa qilingan, chunki she’rlardagi satrlar xalqchil, sodda va shu bilan birga odamlar dardiga suvalib yozilgan.
Topmoq yo‘qotmoqdir, yo‘qotmoq topmoq.
Sen so‘lib, men yashnab to‘lishimga boq.
Sensiz topganimdan ko‘proq yo‘qotdim,
Sen meni yupatding, seni yig‘latdim.
Sen meni yaratding, seni tugatdim.
Uyalmay ona deb kelishimga boq!
Sog‘inch haqda she’rlar yozdim o‘zimcha,
Mendan peshonangda dog‘lar tizimcha.
O‘g‘il bo‘lmay o‘lay, attang, ming attang,
Qiz tug‘sang netardi, ko‘proq qiz tug‘sang.
Tirgak bo‘lolmadim bitta qizingcha,
Uyalmay shoirman deyishimga boq!
Joningdan aylanay turgin jonajon,
Yo‘l qarab bo‘ldimi jigarginang qon?
Boqma ko‘zlarimga bemajol, xasta,
Meni topganlarim gulmi bir dasta.
Yo‘qotganim… Yo‘qotganim endi senmi onajon,
O‘z etimni o‘zim yeyishimga boq!
Bilsang… Bilsang yuragimni bir alam elar,
Buyursang qo‘limdan kelmaydi nelar.
Ayt, pichan yig‘aymi, o‘tin yoraymi,
Yerni haydayinmi, ko‘k ag‘daraymi?
Itdek oyog‘ingga suykalgim kelar,
Uchib-uchib mana qo‘nishimga boq!
Hech narsa kerakmas, bolam hech deysan,
Endi kech deysan-da, endi kech deysan.
Yuzimni bosaman muzdek yuzingga,
Onajon zor qilib ketma izingga.
O‘lim oldida ham g‘amimni yeysan,
Men-chi jim taqdirga ko‘nishimga boq!
She’rim bitdi, xayr do‘stlar, xush qoling,
Bedil yashamakka o‘rganmang mendek.
Boring, volidangiz ko‘nglini oling,
Ertaga kech qolib o‘rtanmang mendek.
Onamga xat.
Men sizni o’ylayman shomu saharda,
Ona, sog’insam ham bora olamayman,
Tunlari charog’on shunday shaharda
Hech kimga ko’nglimni yora olmayman.
Men siz aytgandayin hammani sevdim,
Hammaga ishondim, mana oqibat:
O’z do’stim uyiga ko’mildi sevgim,
Kun bo’lib ko’ksimni kuydirdi nafrat.
Boshimdan o’tgani ko’kka ham ayon,
Yulduzlar qiqirlab kular oqbadan:
Men – zangor yaylovda olis, bepoyon,
Uyuridan ajrab qolgan qulunman…
Mana, men ketyapman tosh yo’lda ko’zim,
Qadamim moshinlar yo’rg’asiga mos.
Yig’lasam yupatib o’zimni o’zim,
Pishqirib qo’yaman toychoqlarga xos.
Va sizni o’ylayman shomu saharda,
Ona, sog’insam ham bora olmasman.
Tunlari charog’on shunday shaharda
Hech kimga ko’nglimni yora olmasman…
Ha, sevgi haqida. U dilga ne zeb,
Kuyinmang, ne iloj qilmasa nasib,
Baxtimga hamisha Siz sog’ bo’ling deb,
Sog’ingan o’g’lingiz – Muhammad Yusuf.
Onaizor.
Onamga.
Oh, mening ortimdan ovvora onam,
Bir parcha yuragi ming pora onam.
Har baloni koʻrib yorugʻ dunyoda,
Toshkanni koʻrmagan bechora onam,
Bolang boʻlib bir bor boshlab keldimmi,
Endi men ham senga oʻgʻil boʻldimmi!..
Garchi bisotingda “bayram” soʻzi yoʻq,
Bilaman, kutasan sandal toʻla choʻgʻ,
Menda yurak deganlarin oʻzi yoʻq:
Men sovgʻa bermagan qiz yoʻq bu oqshom,
Senga na gul berdim, na shirin kalom,
Endi men ham senga oʻgʻilmi, onam?..
Deysan: olislarda omon yursang bas,
Yodingga tushsam goh yoʻqlab tursang bas,
Bolam, senga hamma qiladi xavas…
Axir, mening dardim Sheʼr emas faqat,
Men mashhur shoirmas – mashhur beshafqat,
Endi men ham senga oʻgʻilmanmi, ayt?..
Shaʼningga sheʼr bitdim. U seni topsin,
Poyingga tiz choʻkib, qoʻlingni oʻpsin.
Undan ham ulugʻim borligin koʻrsin,
Men uchun ham aziz holingni soʻrsin,
Sensiz gʻarib koʻnglim koʻngilmi, onam,
Endi men ham senga oʻgʻilmi, onam!..




















