Mundarija
«Tinchitib ber, menga dunyoni» O’lmasbek Samarqandiy she’ri.
O‘zbekiston Yozuvchilar Uyushmasi a’zosi, Paxtachi tumanining farzandi bo’lmish shoir O’lmasbek Samarqandiyning «Tinchitib ber, menga dunyoni» deb nomlangan BMTga murojaat she’ri bugun yuksak xalqaro mukofotga sazovor bo‘ldi.
Shoir BMTga murojaat qilgan shoir Ukraina Oliy ta’lim vazirligi hamda Jahon qalamkashlari Ittifoqi tomonidan Gran Pri mukofotiga munosib ko‘rildi.
BMT ga maktub!
Yov bo‘lmoqda elatga-elat,
Turfa yurtda bor turfa illat,
Ko‘rsat kuching, Birlashgan Millat,
Tinchitib ber, bizga dunyoni!
Mujda yetkaz xabarlaringda,
Rost de, jumla-iborlaringda,
Jar solmasdan minbarlaringda,
Tinchitib ber, bizga dunyoni!
Qog‘ozingda ne sinoatlar,
Imzo chekar ul buyuk zotlar,
Jonga tekkan nutqu-irodlar,
Tinchitib ber, bizga dunyoni!
Afg‘on xarob, Ukrayin hayron,
Bag‘dod notinch, Suriya vayron,
Olqishlardan bezovta Aylon,
Tinchitib ber, bizga dunyoni!
Bir zamonlar ko‘rgandik, lokin,
Qo‘zg‘alganda Temurning hokin,
Bo‘lolmaysan dunyoga hokim,
Tinchitib ber, bizga dunyoni!
Bor derding-ku har ishga qalov,
Urush tafti cho‘g‘lanar lov-lov,
Zo‘r yonmoqda sen yoqqan olov,
Tinchitib ber, bizga dunyoni!
Burkanmagin kibru-havoga,
Ko‘p gapirmay o‘t muddaoga,
Arz qilaman borib Xudoga,
Tinchitib ber, bizga dunyoni!
To‘xtat xalqning azob titrog‘in,
Muxojirlar nola-fig‘onin,
Os falakka tinchlik bayrog‘in,
Tinchitib ber, bizga dunyoni!
Ko‘rkin ochib ul bog‘i Eram,
Bo‘lsa edi olam bir hayron,
Bog‘dodda to‘y, Damashqda bayram,
Tinchitib ber, bizga dunyoni!
Mening naslim chiqmasin yoddan,
Yovni ko‘rib tushmagan otdan,
Menkim o‘shal Temuriy zotdan,
Tinchitib ber, bizga dunyoni!
Manzilim ko‘shk — bir gulistondan,
Tonglari tinch, bog‘u-bo‘stondan,
Noma bitdim O‘zbekistondan,
Tinchitib ber, bizga dunyoni!




















