sahifamiz orqali 1-mart Zulfiya Isroilova tavalludiga bag’ishlangan tadbir uchun Zulfiya sherlari to’plamini taqdim etmoqdamiz.
Mundarija
Zulfiya sherlari.
Har yili erta bahorda ikki bogʻlam binafsha koʻtarib, oʻzbekning sevimli shoirasi Zulfiyaxonim haykali qoshiga borar ekanmiz, beixtiyor qalbga yaqin she’rlarini eslaymiz.O‘zbek adabiyotining zabardast vakillaridan biri bo‘lgan Zulfiya o‘zining go‘zal va mazmunli she’rlari bilan xalqimiz qalbidan chuqur joy egallagan. Uning ijodi sevgi, vatanparvarlik, tinchlik va ayollar hayoti kabi muhim mavzularga bag‘ishlangan.
Bahor keldi seni so’roqlab…
Salqin saharlarda, bodom gulida,
Binafsha labida, yerlarda bahor.
Qushlarning parvozi, yellarning nozi,
Baxmal vodiylarda, qirlarda bahor…
Qancha sevar eding, bag’rim, bahorni,
O’rik gullarining eding maftuni.
Har uyg’ongan kurtak hayot bergan kabi
Ko’zlaringga surtib o’parding uni.
Mana qimmatligim, yana bahor kelib,
Seni izlab yurdi, kezdi sarsari.
Qishning yoqasidan tutib so’radi seni,
Ul ham yosh to’kdi-yu, chekindi nari.
Seni izlar ekan, bo’lib shabboda,
Sen yurgan bog’larni qidirib chiqdi.
Yozib ko’rsatay deb husn-ko’rkini,
Yashil yaproqlarni qidirib chiqdi.
Topmay, sabri tugab bo’ron bo’ldi-yu,
Jarliklarga olib ketdi boshini.
Farhod tog’laridan daraging izlab,
Soylarga qulatdi tog’ning toshini.
Qirlarga ilk chiqqan qo’ychivonlardan
Qayda shoir, deya ayladi so’roq.
Barida sukunat, mayuslik ko’rib,
Horib-charchab keldi, toqatlari toq…
So’ngra jilo bo’lib kirdi yotog’imga,
Hulkar va Omonning o’pdi yuzidan.
Singib yosh kuydirgan zafar yonog’imga
Sekin xabar berdi menga o’zidan.
Lekin yotog’imda seni topolmay,
Bir nuqtada qoldi uzoq tikilib.
Yana el bo’ldi-yu, kezib sarsari,
Mendan so’ray ketdi qalbimni tilib:
«Qani men kelganda kulib qarshilab,
Qo’shig’i mavjlanib bir daryo oqqan?
«Baxtim bormi deya, yakkash so’roqlab»
Meni she’rga o’rab suqlanib boqqan?
O’rik gullariga to’nmaydi nega,
Elda hilpiratib jingala sochin?
Nega men keltirgan sho’x nashidaga
Peshvoz chiqmaydi u yozib qulochin?
Qanday ishqqa to’lib boqardi tongga,
Kamol toptirardi keng xayolimni.
Uning rangdor, jozib qo’shig’ida
Mudom ko’rar edim o’z jamolimni.
Qani o’sha kuychi, xayolchan yigit?
Nechun ko’zingda yosh, turib qolding lol.
Nechun qora libos, sochlaringda oq,
Nechun bu ko’klamda sen parishonhol?»
Qanday javob aytay, loldir tillarim.
Baridan tutdim-u, keldim qoshingga.
U ham g’aming bilan kezdi aftoda,
Boqib turolmayin qabring toshiga.
Alamda tutoqib daraxtga ko’chdi,
Kurtakni uyg’otib so’yladi g’amnok.
Sening yoding bilan elib beqaror,
Gullar g’unchasini etdi chok-chok.
Gulu rayhonlarning taraldi atri,
Samoni qopladi mayin bir qo’shiq.
Bu qo’shiq naqadar oshno, yaqin,
Naqadar hayotbaxsh, otashga to’liq.
Bahorga burkangan sen sevgan elda,
Ovozing yangradi jo’shqin, zabardast.
O’lmagan ekansan, jonim, sen hayot,
Men ham hali sensiz olmadim nafas.
Hijroning qalbimda, sozing qo’limda,
Hayotni kuylayman, chekinar alam,
Tunlar tushimdasan, kunduz yodimda,
Men hayot ekanman, hayotsan sen ham!
Zulfiya sherlari tadbir ssenariysi yuklab olish
Bugun tunda kelarmish, Bahor…
Zulfiya sherlari bahor haqida.
Derazangdan mo‘ralab asta,
Gul yuzingdan bo‘lib shikasta,
Uzun qishga siltab qo‘lini,
Ham qalbingdan boshlab yo‘lini,
To‘qqiz oyki, elarmish bahor,
Bugun tunda kelarmish bahor…
Qoru muzni suvga g‘arq qilib,
Izg‘irinni butkul tark qilib,
Eshitgandek mening nolamni,
Guldastaga o‘rab olamni –
Tushda boshing silarmish bahor,
Bugun tunda kelarmish bahor…
Go‘zallikni eltib jahonga,
Sano aytib har o‘tgan onga,
Jamolingga bo‘lib mahliyo,
Istarangdan olgancha ziyo,
Bizga iqbol tilarmish Bahor,
Bugun tunda kelarmish Bahor..
Unutilar hazonrez kuzak,
Tabassuming yuzingga bezak.
Mehrlaring menga og‘dirib,
Yomg‘irlarni yerga yog‘dirib,
Suvlarini elarmish Bahor,
Bugun tunda kelarmish Bahor..
Hissiyotga to‘ldirib dilni,
Kengaytirib kichik ko‘ngilni,
Duolarga ijobat etib,
Tabiatni chamanzor etib,
Baxtimizdek kularmish Bahor,
Bugun tunda kelarmish Bahor..
Sog’inib sheri.
Shu kunlarda bahorga zorman,
Navjuvonlik o‘ti tanda yo‘q.
Kuz singari za’far ruxsorman,
Mevalar ham shoxlardan uzuq.
Shu kunlarda bahorga zorman,
Tanxastalik ezadi ruhim.
Tanho emas, qatorda borman,
Yana neni izlaydi suqim?
Shu kunlarda bahorga zorman,
Shaffof, yorqin kuy tilar ko‘ngul.
Yaxshiyamki, qalamga yorman,
So‘zlab turar bor dilimni ul.
Shu kunlarda bahorga zorman,
O’z bahorim kabi bemisol.
Bahor qaytmas, yonuvchi qorman,
Yo no‘noq qo‘l butagan nihol.
Shu kunlarda bahorga zorman…
8-mart tadbir ssenariysiMen o‘tgan umrga – Zulfiya sherlari.
Hayot kitobimni bexos varaqlab,
Men o‘tgan umrga achinmay qo‘ydim.
Tabassum o‘rnida kuldim charaqlab.
Suyish kerak bo‘lsa – telbacha suydim.
Kiyganim ipakmi, chitmi yo kimxob,
Yurak boyligidan qilmabman parvo.
Meni og‘ushlagan hayot naq oftob,
Yangi qo‘shiq talab unda har saboq.
Men o‘tgan umrga achinmay qo‘ydim,
Hech kimda ko‘rmayin umrimga o‘xshash:
Suydim,
Erkalandim,
Ayrildim,
Kuydim,
Izzat nima – bildim.
Shu-da bir yashash!.
Sensiz.
Mana, bir umrni yashadim sensiz,
Qaytmas shodliklarning qaytishin kutib,
Tobuting boshida cho’kkanimda tiz,
Farzandlar ko’tardi qo’limdan tutib.
Shundan beri tikman. Har nega qalqon,
Baxtga, bahorga ham, qishga, qayg’uga.
Birov azasida yig’layman qon-qon,
To’yida yayrayman o’xshab ohuga.
Lekin qolganimda qalbim-la tanho,
Tuyg’ular zoriga solganda quloq.
O’zni zaif, chanqoq sezganda goho,
Alamdan beraman javobsiz so’roq:
Tirik ekan nega tashlab ketmading?
Mendan nafisroqning husniga oshiq,
Mendan yoniqrog’i tortmadi sani,
Edi nigohingga bor jannat ochiq,
Seni majnun etib bir yer go’zali,
Nega meni tashlab ketavermading?
Tirik ayrilishning dog’I og’irmish,
Xo’rlik kemirarmish umrni chaynab!
Bu-mudhish egovga berardim turish,
Ketsang ham menga jon tuyg’ungdan aynab.
Bilardim, qaydadir olasan nafas,
Murakkab bu dunyo sen-chun ham tirik.
Senga yot-noshudlik, tund ruhlik, qafas,
Bugungi qadaming kechadan yirik.
Nega, nega meni tashlab ketmading?
Bilaman, rashk meni etardi halok,
Afzal ko’rganingni qarg’ab o’tardim,
Izingdan yurmasdim soyaday g’amnok,
Hayotda men uchun qolarding tirik,
Qalaming mujdasin kutardim mushtoq.
Ma’yus taqdiringga yashab men sherik,
Mushkul bo’layotir shodlik yaratmoq.
Nega tirik ekan tashlab ketmading,
Tashlab ketmading-da, boshlab ketmading?!
Bu oqshom – Zulfiya she’rlari.
Bu oqshom porillar dil nuringizda,
Diydor baxti nasib yana Siz bilan.
Turibman, azizlar, huzuringizda
Hamon o‘tlig‘ ko‘ngil, yorug‘ yuz bilan.
Hamon mulkimdagi siymu zarim – she’r.
Sochimda, chehramda yillardan nishon,
Sajdagohim tanho Vatan, Ona Yer,
Orzularim karvon, sarbonim – ishonch.
Hamon ota-onam, ikki jahonim
Aziz yodi aro shikasta, butman
Ishqim – alangadir, qordir hijronim
Sakson yil lovullab so‘nmagan o‘tman.
Ikkita ko‘zimga ikki qorag‘ich –
Munisim Hulkarim, alpim omonim
Shirin nabiralar hayotdan tortig‘
Har biri joniga payvanddir jonim.
Nomlari , yodlari payg‘ambar monand
Hazrat ustozlarim – teran ildizlar,
Men undan jon olib ko‘kargan daraxt,
Mevasi – qalbimdan otilgan so‘zlar.
Hikmatlar bag‘rida dur, marvaridim
Ajdodlarim menga iftixor, g‘urur
Shu mavjlardan tomgan nuqra umidim
Shoira qizlarim baxsh etgan surur.
Bu nazm bog‘iga kirolmas xazon,
Bizni mahf etolmas zavol lashkari,
Men ketsam mung‘aymas umrim hech qachon,
Bu bog‘lar – bir bog‘lar bo‘ladi hali…
Hamon e’tiqodim – haqiqat, haqdir,
So‘zlayman, yuzimni tutib Ka’baga,
Emira olmaydi o‘tkinchi taqdir,
Osuda o‘tadi ruhim abadga.
E’zozlar, ardog‘lar uchun tashakkur
Asli Siz oftobim, men ziyosiman.
Tonglaringiz kulsin dorilomon, hur,
Baxtim shul – o‘zbekning Zulfiyasiman.
Marsiya.
Yeru osmon, tuting motam, yana bir mehribon ketdi,
Hayotga, oftobga, gulga oshiq, jonajon ketdi.
Dili keng, xulqi pok, irfonga kon fozil jahon ketdi,
Sadoqat-la etib mehnat, toshib hurmat va shon ketdi,
Ajib bir do‘st, ajib dilso‘z, ajib shirin zabon ketdi.
Yashar tokay kishi umriga bundog‘ ayriliq yo‘ldosh,
Ajab nodir hayot ko‘zgusiga otdi ajal ming tosh,
Firoqning xanjaridan dil jarohatda to‘kar ko‘z yosh,
Falakning bu jafosiga qayondan olgumiz bardosh,
Tilak, orzu, umid bog‘i kamolida xazon ketdi.
Ketar yer bag‘riga, afsus, bu do‘stga alvido denglar,
Chirog‘ing o‘chmagay hargiz, yashaysan biz aro denglar,
Tirikmiz dilda dostoning sira bo‘lmas ado denglar,
Ko‘zing och, do‘stu yoronlar, bugun motamsaro denglar,
Yashab to‘ymay, necha orzu, umid, armon nihon ketdi,
Yuraklarni solib faryodga, do‘stu mehribon ketdi.
Eng gullagan yoshlik chog‘imda…
(Hamid Olimjon Zulfiya Isroilovaga atab yozgan she’ri.)
Eng gullagan yoshlik chog‘imda,
Sen ochilding ko‘ngil bog‘imda.
Shunda ko‘rdi ko‘zim bahorni,
Shunda qalbim tanidi yorni.
Qushlar sayrar jonimga payvast,
Men sevgining bo‘yi bilan mast,
Kuni bilan dalada qoldim,
Lolazorlar ichra yo‘qoldim.
Quchoq-quchoq gullar terganim
Va keltirib senga berganim
Kechagiday hamon esimda,
Har soniya, har on esimda.
Shundan beri tilimda oting,
Shundan beri dilimda oting…
Eng gullagan yoshlik chog‘imda
Sen ochilding ko‘ngil bog‘imda.
Zulfiyasiman.
Hamon eʼtiqodim – haqiqat, haqdir,
Soʻzlayman yuzimni tutib Kaʼbaga.
Yemira olmaydi oʻtkinchi taqdir,
Osuda oʻtadi ruhim abadga.
Eʼzozlar, ardogʻlar uchun tashakkur,
Asli Siz oftobim, men ziyosiman.
Tonglaringiz kulsin dorilomon, hur,
Baxtim shul – Oʻzbekning Zulfiyasiman.
Nevara.
Nevaram quyunday otilib kirib,
Qalamim tagidan qog‘ozni yular .
Damda varrak yasab ko‘kka uchirib,
Izidan qop-qora ko‘zlari yurar,
Varrak tortar shekil, murg‘akni kuch-la
Oyoq tirab siltar dakani kibor
Ayrilib qog‘ozdan, she’rdan va hushdan
Boqaman varrakboz jonga baxtiyor,
Naq bobosi siyoq zehnday tiyrak,
Ko‘kish alangada yonar sochu qosh.
Borlig‘i ezgu bir o‘t bo‘lsa kerak,
Tomirlarda qonmas, kezadi quyosh.
Daka varrak tiniq zangori fazo
Tubiga intilar, sho‘ng‘ir naq xayol.
Talpingan ko‘ksingda, bolakay ne bor,
Sen iqbolga, senga ne tutar iqbol?
Nevara bo‘lmasa, odamzod albat,
O‘zi kashf etardi, kashf etganday baxt.
Zulfiya sherlari ona haqida.
Onam! Sening issiq, aziz joningni,
Zarradek chog‘imdan boshlab bilaman,
O‘zim ham zarra-yu, lekin qoningni
Yangilab jismingdan o‘zni uzganman.
Sen gul juvon hali mendan bexabar,
Bulutday go‘daklar tortdi havasing,
Endi men sen desam qaynoq, muattar
Hovrin his qilaman iliq nafasing…
Men tug’ilgan kun.
Bugun mening tug‘ilgan kunim,
Meni tuqqan onam, Siz qayda?
Bedor o‘tib bormoqda tunim,
Bir og‘riq bir qon, jonda, payda.
Tug‘ilganman qaysi soatda,
Qancha muddat siz yegansiz dard?
Qiz tug‘ilish dardi odatda
Bo‘lgan ekan Sizda beshafqat.
Bugun mening tug‘ilgan kunim,
To‘lg‘oqdagi holingiz ko‘zda:
Kursi quchib kurashasiz jim,
Qotma jussa goh o‘t, goh muzda.
Qora terda tanho boshingiz,
Labingiz — dasht jo‘yagiday qoq.
Og‘zingizga tiqib sochingiz,
Tanangizga solarlar to‘lg‘oq.
Besh bolangiz darcha ortida
Joningizni ko‘rib o‘tirgan,
Mening otam qo‘shni otida
Kim qaylardan doya qidirgan?
Bor suyakni chok-chokdan so‘kib
Ichingizga sig‘may ketgan men,
Tanangizning tubida cho‘kib,
Chehrangizga entikkan-da men;
Goh dard tutib, gohi u qochib
Ko‘zingizdan sachratgan olov.
Faqat azob eshigin ochib,
Chekinishga qo‘ygan bo‘lsam g‘ov;
Tomiringiz bo‘ylab ezganim,
To‘qqiz oyu to‘qqiz kun uyg‘oq.
Besh o‘g‘ilning izidanligim,
Sizlar intiq qizcha tug‘ilmoq;
Yuzingizni ko‘rishga shoshgan,
Ko‘zingizga kirmoq bo‘lganim!
Ko‘ksingizga tashna lab chopgan,
So‘zingizga mushtoq bo‘lganim;
Balki tandan qonu yoshlikni
So‘rmoqliqdan hijolatligim?
Yuragangiz bir quyoshlikni
Sezib, jonim rohatdaligim;
Go‘zal qalbning tagida yotib,
Ezgu hissingizda jo‘shganim.
Noyob idrok sehriga botib,
Uxloq she’rga shogard tushganim!
X,a, qoningiz, joningizdagi
Bir jahonni uqib olganim,
Barchasidan uzilish dardi
Yaqinlikdan qo‘rqib qolganim —
Bari uchun, — jahannamiy dard
To‘lg‘og‘iga otdim ne muddat? —
Men bilmayman!
Samoviy bir mard,
Jon tug‘uvchi ilohiy qudrat —
Bo‘lganingiz onlarga ta’zim!
Azob uchun umrimday uzr…
Barin takror etdim men o‘zim,
Ona bo‘lmoq — azobli huzur…
Qayda o’z sevinchim.
O‘qilmagan maktub,
Taqilmagan ziynat
Nodarkorlar ichra yotar kesakday,
Uzoqroq,
Xilvatroq kunjakka irgit
Naq jarroh pichog‘i — kayfing kesarday!
Shunday ham nobutun ko‘ksing qo‘ysin tinch!
Tuhfalardan baland,
Sinchkovlikka yot,
Sevinch!
Qayda o‘sha qaytmovchi sevinch?
Qo‘lga tutolmagum bebaho bisot!
Balki.
Ko‘zingda chaqmoqqa o‘xshash o‘tli nam,
Ranging siniqishi, lab titrashi sir.
Balki, hisni bo‘g‘ib, irodangga jim
Yolvorasan, kuch ber, bo‘lmay deb asir?
Ko‘mib yubormoqchi sen tul yoshliging,
U – faqat yashnashga qodir tabiat.
Balki, baxt bekasi atagan kishing –
Ruhi ham istamas xazoning bevaqt?
Bilsang, daraxtni sindirar bo‘ron,
Nihol bo‘lsa, yana o‘sar gurkirab.
Balki, yo‘q ta’nalar, andisha, gumon,
Baxtga haqqing yutar, diling zirqirab?
Yarim taqdir go‘yo siniq ko‘zgumish,
Hayot taqozosi baxt bekamlikdir.
Balki, to‘kqiz guling bilmasdan so‘lish,
Pok hisning amriga kirmak kerakdir?
Xalqimga aytar so’zlarim.
Zulfiya sherlari vatan haqida.
O‘zing tashna etding, o‘zing suv tutding,
Qalbimdagi sahrom, daryomsan, xal
qim!
Seni seva-seva men boyib ketdim,
Dunyo ichra topgan dunyomsan, xalqim!
Yurak chaqmoq tekkan osmon yuziday,
Lekin e’tiqodim, iymonim butun,
Umrimda qilganim ozmi-ko‘pimdan,
Mehrim daryosidan serobman bu kun.
Menga Navoiydan ayting alla deb,
Lutfiydan ongimga ziyo taratding,
Qiynalgan olamga bo‘lgin dalda deb
Asli o‘zing meni shoir yaratding…
Yosh shuur, kurashchan tuyg‘ular bilan
Sening taqdiringga mahkam tutashdim,
Ne-ne g‘animlar-la kurashganing on
Ko‘pning biri bo‘lib malhamga shoshdim.
Sarg‘aygan dashtlarga berding yashil qon,
Tuproq tepalarda shahar ko‘tarding:
Har bir g‘alabangni ko‘rgan suyuk on
Dildagi o‘z g‘amim kuyi cho‘kardi.
Yo‘l yurdim, sog‘indim, to‘kildi baytim
Xorijning shomlari, saharlarida,
Ezgu istaklaring jaranglab aytdim
Osiyo, Afrika minbarlarida.
Paxta xirmonining o‘sdi bo‘ylari,
Tanidi, tan oldi yaqinu yiroq
G‘ururdan dengizday to‘lib kuyladim,
Tolelar tiladim bundan yorqinroq.
Maktublar yozding sen, maktublar bitdim,
Goh ko‘zga nam qalqib, gohida xushbaxt.
She’r bilan, so‘z bilan qalbingga yetdim,
O‘sha qalb men uchun eng sharafli taxt.
Ko‘zim ustidasan bu tug‘yonli dam,
Sen bilan taqdirdosh kunduzli bo‘ldim.
Seni deb siyladi Umr, aziz Vatan
E’zozli bo‘ldim men, yulduzli bo‘ldim.
Hali bor oldimda o‘tmagan burchim,
O‘tayman ko‘zimda tirik tursa nur.
Umrimdagi barcha fasllar uchun
O‘ziga bek xalqim, Senga tashakkur.
Ko’rganmiding ko’zlarimda yosh?
Sog’inganda izlab bir nishon,
Qabring tomon olar edim yo’l.
Keltirarding menga bir zamon,
Endi har chog’ men eltaman gul.
Keldim. Uzoq qoldim men sokin,
Sening aziz boshingda yolg’iz,
Osmon tiniq edi va lokin,
Parcha bulut yetib keldi tez.
Ko’kda mening boshimda turib,
Go’yo yuragimda qalqdi u.
Kozimdagi yoshimni korib
U ham to’kdi yoshini duv-duv.
Biz yig’ladik tepangda shu kun,
Keldingmi deb ko’tarmading bosh.
Ayt-chi, senla baxtiyor onlar
Ko’rganmiding ko’zlarimda yosh?
Ne baloga etding mubtalo!
O’tdi oylar g’am bilan oqib,
Dil topmadi zarra tasallo.
Firoqingda qoldim tutoqib,
Ne baloga etding mubtalo!
Ko’z ochgani qo’ymaydi alam,
Boshim qo’ysam kuydirar bolish.
Yupatolmas kitob va qalam,
Misralarim ko’tarar nolish.
Nahot shuncha mas’um, shuncha pok
Sevishmoqda alam bor shuncha?
Bardosh bermas iroda, idrok,
Tamoman lol aql, tushuncha.
Tog’day bor deb bilgan yuragim
Qush boshicha qolmadi chog’i?
G’amni yengarman deganim sarim
Yana ortar alami, dog’i.
Erib ketmagandim sevgingdan,
Bo’lmaslik-chun baxtingdan judo,
Birga qolish uchun sen bilan
Kuyaman-u, bo’lmayman ado.
Muhabbat tongi kulganda – Zulfiya sherlari.
Oqshom edi, oydin ko’prikda
Barno qiz-u yigit turardi,
Oyni kutgan oqshomgi ko’kda
Beshik-beshik bulut yurardi.
Bulutlaming yorib quchog’in,
Oy ko’rsatdi olmos yuzini.
Mag’rur tashlab yerga nigohin,
Tinglab qoldi yigit so‘zini.
«Xohi inon, xohi inonma,
Sening sevging qilmoqda shaydo.
Bunday yonish begona jonda
Bir o’chmas o‘t bo’libdi paydo!»
Oy suzadi yel sari mayin,
Ikki qalbni yoqar bir otash.
Yoniq dilning baxtiyor nayin
Yutmoq bo’lur sukut jafokash.
Yigit sevgi tongini kutar,
Qiz ko’ziday quyuladi tun.
Lekin uzun kipriklar o‘ta —
Yarqiraydi baxtga to‘la kun.
«U bir o‘tki, seni ko’rmasam
Iztirobga solar jismimni,
Lol qolaman — axtarib topsam,
Unutaman hatto ismimni.
Xoh inongin, inonma xohi,
Xayolimda kezasan yolg’iz.
Meni sevgin!»
Yigit nigohi
Sevgi tilar — sukut qilar qiz.
Oppoq pag’a bulut ustida
Hayron suzar keksa oysuluv.
Yulduzlami quchib ko’ksida,
Anhor to’lib jo’shib oqar suv.
Shu choqqacha ishqin qiz faqat
Dildan so’rab aytgandi dilga.
Ilk, musaffo, katta muhabbat
Qiz dilidan kelmasdi tilga.
Hozir yurak bir nigoh bo’lib
Boqqan edi yigit ko‘ziga.
Oqshom ogushiga nur to’lib,
Tong kulganday bo’ldi yuziga.
Elda qo’shiq, ko’prikda shu’la,
Baxt-la tepdi ikki yosh yurak…
Oy so’zladi yulduzni to’plab,
Sevgi tongi haqida ertak.
Tun – Zulfiya sherlari
Tog’ ortiga o’tib ketdi kun,
Sokin cho’kdi toza, salqin tun…
Men deraza ochganim chorbog’,
Sokin uxlar tun ko’rpasida.
Mayin qo’shiq yoyilar har yon,
Esib o’tgan yel sharpasida.
Suv oqadi allalab tunni,
Hamma uxlar, uyda men uyg’oq,
Parcha qog’oz, kichik bir qalam
Boshim uzra porlaydi chiroq.
Tunda qancha xayol, qancha kuy,
Men berilib quloq solaman.
So’z topolmay ifodasiga,
Rang axtarib shoshib qolaman.
Sof yel esar… Parvona uchar,
Chiroq atrofida o’rgilib,
O’zin urib part bo’ladi-yu,
Stolimga tushadi kelib.
Men yozaman, yulduzlar o’tar,
Har birisi so’ylar bir ertak.
Mana, Hulkar qarshimda chaqnar,
Yorqin tongdan keltirib darak.
Tun o’tadi, yana chorbog’dan
Ko’tarilar sahargi tuman.
Men-chi, asta chiroq so’ndirib,
Otayotgan tongni kutaman.
Ko’zlarimda erib ketdi tun,
Yoyilmoqda yorqin juvon kun…
Farzand – Zulfiya sherlari
Nega sevmay, erkalab o‘pmay,
Nechun demay uni hayotim?
Nega demay ko‘zimning nuri,
So‘zlaganda qandim, novvotim?
Shirin ekan farzand, u bilan
Oilaga kirar ekan jon.
Ko‘zi ko‘zga tushishi bilan
Mehri balqir ekan bepoyon.
Iqbol bo‘lib ko‘zing oldida,
Kundan kunga toparkan kamol,
Ne baxt, toza hayot bog‘ingda
O‘ssa toza, bebaho nihol.
U bor yerda qayg‘u va hasrat
Hayotingga begona ekan.
Qani ayting, farzanddan qimmat
Bu dunyoda nima bor ekan?
O… farzandim, ko‘zim nurisan,
Menga senday bo‘la olur kim?
Sen hayotim, seni ko‘rarkan,
Dilda behad jo‘shadi mehrim.
Qora ko‘zlaringga qarayman,
Unda borliq bo‘lar namoyon.
Mening baxtim yorqin, begumon
Jilvalanib ko‘rinar ayon.
Shirin so‘zing, cheksiz mehring bor,
Qilig‘ingda bir olam orom,
Sen bilan dil chiroyli gulzor,
Qo‘shig‘imga tuganmas ilhom.
Sen o‘s — sog‘lom, beqayg‘u, erkam,
Muhabbatim boshingga soya,
Men baxtiyor alla aytayin,
Qo‘shiqlarim ko‘p, benihoya.
Ko‘z yosh nima, sen bilma zinhor,
Senga porloq tilayman iqbol,
Bu dunyoda na yaxshiki bor
Senga, qo‘zim, senga bo‘lsin, ol!
O‘g’lim sira bo’lmaydi urush.
To’lisharmi o’lkada bahor,
Quyosh kezar osmon ko’ksida.
Qaldirg’ochlar qanotin qoqar,
Undan soya labi ustida.
Mana, o’g’lim labi ustida
Qaldirg’ochning mayin qanoti.
O’spirinim toza ko’ksida,
Kunda oshar yangi his toti.
Bo’yi oshib ketdi bo’yimdan,
Bosa olar ko’ksiga boshim.
Sevgim qurib bergan uyimda
O’sdi mening katta yo’ldoshim.
Yurak to’la shodlik, mehr, baxt,
Uning ko’zlariga boqaman.
Nigohiday tiniq va yorqin
Orzu to’lqinida oqaman.
Orzulari qalbimga ziynat,
Hayotidir ko’zim qorasi.
O’kinaman, ba’zida faqat,
Yonida yo’q, uning otasi.
Urush! Noming o’chsin jahonda,
Hamon bitmas sen solgan alam.
Sen tufayli ko‘p xonadonda
Ota nomli buyuk shodlik kam.
Yulding ota demak baxtini,
Juda murg’ak go’daklarimdan.
Yaxshi ham bor shunday Vatani,
Dalda bo’ldi yuraklarimga.
Ota bo’lib soldim men yo’lga,
Ona bo’lib mehrimga oldim.
Mana, yurtga o’g’il o’stirgan
Bir davlatmand boy bo’lib qoldim.
Qancha ishonch, umid baxsh etar,
Ham Vatanga, ham menga bu dil,
Qoya kabi yonimdan chiqib,
Suyan, –deydi, –kiftimga dadil.
Men onaman, mening yuragim
Farzandlarim quvonchiga kon.
Dil orziqar, ba’zan tilagim
Vahimalar o’ragan zamon.
Yo’q, urushning nomi ham o’chsin,
Mening o’g’lim kerak hayotga.
Istamayman, uning dudlari
Qo’nsin labi uzra qanotga.
Bas, bas, ezgu onalar qalbi
Yashay olsin bexavf, baxt bilan.
Mehnatimiz, g’azab, sevgimiz
Tinchlik, deydi butun xalq bilan.
Ko’krak suti va mehnat bilan
Biz jahonga berganmiz turmush,
Ona qalbi oyoqqa tursa,
O’g’lim, sira bo’lmaydi urush!
Yulduz – Zulfiya sherlari
Uyda bo‘g‘ildimu chiqdim eshikka,
Yer ustiga cho‘kkan oqshomgi tuman,
Go‘yo ko‘zlarimga boqqanday tikka
Yashnardi bir yulduz xuddi sensimon.
Xuddi senday uzoq va senday yorqin,
Avji chaqnaganda so‘nadi u ham,
Bir yupanch: sevgimning osmonidan
O‘chmasdan yonasan, ey go‘zal hamdam!
She’r kerakmi, jon kerakmi, ol!
Deydilarki, seni ko‘rganda
Ko‘zlarimda yonar jonli o‘t,
O‘sha o‘tning yolqinlarida
Sendan o‘zga bor narsa unut.
Mudom dilga sodiq ko‘zlarim
Haqiqatni ko‘mishi qiyin.
Ko‘zlarimda, qonimda kezgan
O‘sha sevinch, o‘sha olov sen.
Mayli, o‘zing mendan uzoqda,
Lekin dilning o‘ti bo‘lib qol.
Mening kuyim emas tuzokda,
She’r kerakmi, jon kerakmi, ol!
Nevara – Zulfiya sherlari
Ulug‘bekka
Nevaram quyunday otilib kirib,
Qalamim tagidan qog‘ozni yular .
Damda varrak yasab ko‘kka uchirib,
Izidan qop-qora ko‘zlari yurar,
Varrak tortar shekil, murg‘akni kuch-la
Oyoq tirab siltar dakani kibor
Ayrilib qog‘ozdan, she’rdan va hushdan
Boqaman varrakboz jonga baxtiyor,
Naq bobosi siyoq zehnday tiyrak,
Ko‘kish alangada yonar sochu qosh.
Borlig‘i ezgu bir o‘t bo‘lsa kerak,
Tomirlarda qonmas, kezadi quyosh.
Daka varrak tiniq zangori fazo
Tubiga intilar, sho‘ng‘ir naq xayol.
Talpingan ko‘ksingda, bolakay ne bor,
Sen iqbolga, senga ne tutar iqbol?
Nevara bo‘lmasa, odamzod albat,
O‘zi kashf etardi, kashf etganday baxt.
Bog‘lar qiyg‘os gulda.
Bog‘lar qiyg‘os gulda — yaxlit bir chaman,
Har daraxt anvoyi bir tarovatda.
Bir kaft bog‘ mehnatu hosilga vatan,
O‘zga ko‘rk, o‘zga rang har bir daraxtda.
Har navda bir gulda, har gulda bir ro‘y,
Har daraxt bargi bir dunyo hikoya,
Har birin hosili o‘zgasiga ko‘rk,
Biri-biri uchun qudrat, himoya.
Vatanim ko‘zimda: qay burchi aziz,
Bilmam, qayda tole serzavq, serjilo?
Yalpi to‘lishadi bedaxl yurtimiz,
Naq har qarichi dil, jon tomir go‘yo,
Bir qardosh tinchisiz — o‘zga beorom
Birining nonisiz — o‘zga emas to‘q…
Bu – qadim dunyoda yangi bir olam,
Bunda orqa tog‘siz bir tirik jon yo‘q.
Tayanch bo‘lmasaydi odamzod albat,
O‘zi kashf etardi, kashf etganday baxt.
Ushbu ma’lumotlar internet ijtimoiy tarmoqlardan yig’ildi.





















Ajoyib
Ok 👌👌 nice 💯💯 💯