Muhammad Yusuf sherlari. Boshqa mavzudagi she’rlar to’plami>>
Mundarija
Muhammad Yusuf sherlari.
Muhammad Yusuf — o‘zining she’riyati bilan o‘zbek adabiyotida chuqur iz qoldirgan, xalqning sevimli shoirlaridan biri. Muhammad Yusuf she’riyati insonni har tomonlama o‘ylashga, his-tuyg‘ularni chuqur anglashga, yuksak ma’naviyatga yetishishga chaqiradi.
Shoirning asarlari, asosan, ona yurt sevgisi, hayotdagi muammolar va insonning ichki dunyosini aks ettiradi. U nafaqat she’riyatda, balki nasriy asarlarda ham o‘ziga xos uslubini yaratdi. Muhammad Yusufning she’rlari oddiy va tushunarli bo‘lib, ularni har bir o‘quvchi o‘ziga yaqin his qiladi.
Muhammad Yusuf sherlari g‘am-tasavvurlar, zamon va hayotning o‘zgaruvchanliklari haqida chuqur mulohazalar mavjud. U insonning irodasini, orzu-umidlarini, kechikkan sevgisini hamda vatanparvarligini yuksak she’riy mahorat bilan ifodalagan. Shoir o‘zining hayotiy tajribalarini, ko‘rganlarini she’rlarida jonli va samimiy tarzda tasvirlaydi, shuningdek, yoshlarni ma’naviy qadriyatlar asosida tarbiyalashga alohida e’tibor beradi.
Muhammad Yusufning sherlari, she’riyatini o‘qiyotgan kishi o‘zining yuragini, qalbini, hayotining maqsadlarini qayta ko‘rib chiqadi. Shoirning asarlari, shu bilan birga, insonning o‘z-o‘zini anglashida va hayotning mazmunini topishda katta yordam beradi.
Agar siz Muhammad Yusufning sherlari bilan yanada yaqindan tanishmoqchi bo‘lsangiz, uning to‘plamlaridagi ba’zilarini taqdim etamiz.Bu she’rlar sizga yangi hissiyotlar va fikrlar bag‘ishlaydi.
Muhammad Yusuf Vatan she’ri.
Kimlardir kaftida gul ushlab yurar,
Kimlardir qo’lida palaxmon toshi.
Chayqalib turganda dunyo guldirab,
Yurtning poyidadir yigitning boshi
Sevsangiz avval shu Vatanni seving,
So’ng shahlo ko’zu gulbadanni seving!..
Unutmang, bu ko’hna charxi falakda,
Vatandan boshqasi hammasi mayda.
Ko’ngilda orzuday osmon musaffo,
Tuproq tinch bo’lmasa, Muhabbat qayda!..
Sevsangiz avval shu Vatanni seving.
So’ng shahlo ko’zu gulbadanni seving.
Chorlasa Siz qo’rg’on bo’ling, tosh bo’ling.
Suyang bir-biringiz, yelkadosh bo’ling.
Qani kim botinib bir so’z aytolgay,
Bitta jon, bitta tan, bitta bosh bo’ling –
Sevsangiz avval shu Vatanni seving,
So’ng shahlo ko’zu gulbadanni seving.
Shu yurt tinch – yo’q dilda sanchiqlaringiz,
Qiqirlab yurishar qalliqlaringiz.
Yor-yorlar yarashar, to’ylar yarashar,
Yarashar to’qlikka sho’xliklaringiz.
Sevsangiz avval shu Vatanni seving,
So’ng shahlo ko’zu gulbadanni seving!
O’zbek bolasi.
Koʻk dalam, koʻm-koʻk dalam,
Ozod diyorim dalasi.
Bir tomon qaynar buloq,
Bir yonda oyning shu’lasi.
Bunda bulbul chaxchahi,
Bunda qumri nolasi,
Handalak hidi bilan
Ulgʻaydi Oʻzbek bolasi.
O hayot, gulgun hayot,
Hamisha bor boʻlgin hayot.
Baxtima koʻz tegmasin,
Menga yor boʻlgin hayot.
Tarqalibmas, toʻplanib,
Jamlanib har jolasi,
Bir tanu, bir jon boʻlib,
Koʻpaydi Oʻzbek bolasi.
Parcha yer, parcha bulut,
Parcha osmonga shukur.
Menga taqdir tuhfasi
Nurli makonga shukur.
Tushmagay, toʻkilmagay
Sochlaring bir tolasi,
Yurt uchun hech narsadan
Qaytmaydi Oʻzbek bolasi.
Biz ahil, olam ahil,
Gulu-giyohlar ahil.
Togʻdagi toshlar ahil,
Bogʻda yaproqlar ahil.
Xush erur shotutlaring,
Suv boʻyida soyasi.
Tut beshiklar bagʻrida
Ulgʻaydi Oʻzbek bolasi.
Dala tola belanchak,
Oftob uning doyasi.
Koʻk dalada rizq terib,
Xalq boʻldi Oʻzbek bolasi.
Tarqalibmas, toʻplanib,
Jamlanib har jolasi,
Bir tanu, bir jon boʻlib,
Xalq boʻldi Oʻzbek bolasi.
SHukr deysan sen qachon.
Ta’magirni tortqilab,
Nafsi qoʼymas deydilar.
Nokas oʼzi toʼysa ham,
Koʼzi toʼymas deydilar.
Boq bir yorugʼ olamga
Kimlar zorgʻa kun koʼrar.
Odamlar bor, bogʻdagi
Bulbuldan ham pul soʼrar.
Yolgʼon dunyo – bu dunyo,
Arzon dunyo – bu dunyo.
Ne-ne hokim, beklardan
Qolgan dunyo – bu dunyo.
Kiprikdan ham qisqadir
Mol-u dunyo yoʼllari.
Ibrat boʼlsin Iskandar
Ochiq ketgan qoʼllari!
Uzat deysan, ber deysan,
Hech qoʼymading odamzod.
Tuya toʼydi, fil toydi,
Sen toʼymading, odamzod.
Shukr qilar hattoki
Qumursqa-parrandalar.
Shukr deysan sen qachon,
Xom sut emgan bandalar?
Bu uch kunlik dunyoda
Savlatingga kerilma.
Qasr qurma, bogʻ qoldir,
Davlatingga kerilma.
Oʼz elingni qaqshatsang,
Xor boʻlasan oʻzing ham.
Bir kun shu el mehriga
Zor boʼlasan oʻzing ham!
Faryod- Muhammad Yusuf she’ri.
Ko’rmay yashab ketganlar bor baxtiyor,
Bilmay yashab ketganlar bor baxtiyor.
Biz sen bilan qo’l ushlashib yurgandik,
Ayb mendami, ayb sendami endi yor?..
Ko’rishmasdik Hudoyim teng ko’rmasa,
Ko’rishtirib so’ng nahot hol so’rmasa.
Baxt bersa-yu, ammo farzand bermasa,
Ayb mendami, ayb sendami endi yor?..
Netay shunday keng dunyoga sig’masam,
Bolamga deb o’yinchoqlar yig’masam,
Tushlarimda alla aytib yig’lasam,
Ayb mendami, ayb sendami endi yor?..
Tun cho’ksa-yu, ko’rinmasa tongotar,
Qay tomonga yonboshlasam tosh botar,
Onam olib qo’ygan beshik bo’sh yotar,
Ayb mendami, ayb sendami endi yor?..
Sinovmi bu yo sinoat, bilmadim,
Yo ko’nikdim, yo qanoat qilmadim,
Bitta yo’rgak yuvib dorga ilmadim,
Ayb mendami, ayb sendami endi yor?..
Ko’nglim o’ksir qo’ynimga zar to’lsa ham,
Uyim agar Tojimahal bo’lsa ham,
Voy bolam-a, tug’ilmagan jon bolam!
Ayb mendami, ayb sendami endi yor?..
O’zbekning ayollari.
Uxlamaydi tunlari,
Oy nurlari taralgan
O’zbekning xotinlari
Farzand uchun yaralgan.
Yildan uzun kunlari,
Kim ko’nglini so’rolgan.
O’zbekning xotinlari
Mexnat uchun yaralgan.
Qirq yil qirg’in boʻlsa ham,
O’z ahdida turolgan.
O’zbekning xotinlari
Toqat uchun yaralgan.
Yot oldidan sal nari
Qachon kokil o’rolgan.
O’zbekning xotinlari
Iffat uchun yaralgan…
O’zbekning ayollari,
O’zbekning xotinlari,
Suvdan halol,
Guldan pok,
Qo’llari oltinlari,
Qay tomonga, bursa yuz,
Yo’llari oltinlari-
Izzat uchun yaralgan!
Ota (Armonim bor).
Armonim bor, bu dunyoda armonim bor,
Qoq dalada oʼtlar bosgan oʼrmonim bor.
Qizgʼaldoqday boshim egik bu makonda,
Yonib yashab oʼtmagan otajonim bor.
Ota desam, bagʼri-dilim yonaverar,
Kunim yonar, oyu yilim yonaverar,
Mozoriga qoʼygan gulim yonaverar,
Tutunlarga toʼlib ketgan osmonim bor.
Esaversin jannatlardan kelgan nasim,
Momo yerim, oʼzingsan eng muqaddasim,
Bagʼringda jim tinglab bu tun jon nafasim,
Ruhimni allalab yotgan jahonim bor.
Odam boʼlib bir odamni tushunmaslar,
Koʼzingda yosh koʼrib ham goh oʼkinmaslar,
Bosgan izim poylab yurgan ey, nokaslar,
Qabrdan qoʼl choʼzib turgan qalqonim bor…
Men otamdan qolgan erkin sado-sasman,
Qonimga yot navolarga qayrilmasman,
Oʼlgunimcha endi undan ayrilmasman –
Oʼz otamdek boʻlib qolgan iymonim bor.
Armonim bor, bu dunyoda armonim bor,
Keng dalada gullar bosgan oʼrmonim bor,
Qizgʼaldoqlar bosh egib qon yigʼlab turgan,
Bu makonda mening ham nurjahonim bor.
Oʻzingdan qoʻymasin, xalqim.
Qushday uchib quchogʻingdan dunyo kezdim,
Kezib-kezib topganlarim sogʻinch boʻldi.
Qancha olis ketsam shuncha qadring sezdim,
Qayda yursam yodi mehring ovunch boʻldi.
Aylanayin qaro qoshu koʻzingdan-a,
Oʻzingdan qoʻymasin, xalqim, oʻzingdan-a.
Birov uchun birovlar tush koʻrib bermas,
Minnat qilmay bir bogʻ oʻtin oʻrib bermas.
Bayramingda oylab bazm qilgan kaslar
Boshingga ish tushsa turib bermas.
Nomus kuyi tushmasin hech boʻgʻzingdan-a,
Oʻzingdan qoʻymasin, xalqim, oʻzingdan-a.
Erk vodiysi – zahmatlarga siylovdir bu,
Toy qoqilib ot boʻlguvchi yaylovdir bu,
Ranj chekmasang nurli, nurli tonglar qayda
Sinovdir bu, balki buyuk sinovdir bu.
Bosh ketsa ham qaytma endi soʻzingdan-a,
Oʻzingdan qoʻymasin, xalqim, oʻzingdan-a.
Boldan shirin tatir qora bugʻdoying ham,
Oʻzingdan boʻlsa gar shohu gadoying ham.
Bir tanu jon, bir-biringdan rozi yursang,
Hudoyim ham sendan rozi, Hudoyim ham.
Gohi ipak, gohi yaktak, boʻzingdan-a,
Oʻzingdan qoʻymasin, xalqim, oʻzingdan-a.
Er boshiga ish tushsa oʻt kechguvchidir,
Chidaymiz-da, bu zahmatlar oʻtkinchidir.
Hurliging haq – qolgan bari oʻtaversin,
Bu dunyoda eng yorugʻ baxt – el tinchidir.
Ayirmasin beminnat non, tuzingdan-a,
Oʻzingdan qoʻymasin, xalqim, oʻzingdan-a.
Men o’lsam- Muhammad Yusuf sherlari.
Men oʻlsam ortimdan igʻvolar qilmang.
Yaxshi odam edi! Deng shu yetadi.
Kerakmas jim turing yolgʻondan kuymang,
Qulogʻim ochiq-da tinglab turadi.
Men oʻlsam kuyinmang yaxshi odamlar,
Shunchaki jannati, boʻlsin deb qoʻying.
Oʻylamang unuting, tark etsin gʻamlar,
Yigʻlamang azizim shoʻx kulib qoʻying.
Bilaman, oʻlsam-da dod solib albat,
Koʻksini mushtlab ul, onam yigʻlaydi.
Ota, onajonim kechiring faqat,
Mendek yomon oʻgʻil endi boʻlmaydi.
Men oʻlsam qabrimni kengroq qazinglar,
Chunki gunohlarim bari elitsin.
Marmarga ismimni yozib qoʻymanglar,
Kimligim bilmayin barcha unutsin.
Oʻlsam unutinglar uch kundan keyin,
Berkilsin hattoki darvozalar ham.
Albat unutasiz kun oʻtgan sayin,
Biroq unutmaydi bechora onam.
Men oʻlsam kafanni uzunroq oʻrang,
Oʻzi tor dunyodan zerikib oʻtdim.
Oʻlsam ijodimga bir bora qarang,
Umrbod men ahmoq mehrni kutdim.
Sovuq muzliklarga ketaman bir kun,
Tanim oʻt boʻlmoqda, sovigim keldi.
Odam yoʻq joylarga yetaman bir kun,
Sizlardan qochib…..
Paxta qoʻyishni boplaysizlar rost,
Tutqich bermaysizlar qiynalgan chogʻi.
Eh shoir jimgina haqiqatni os,
Borliqdan qochib…
Ne sabab ketaman bilmam nimaga?
Shunchalar peshonam boʻldimi taxir.
Ortiqcha ekanman bildim hammaga,
Menga ham hamma ortiqcha axir.
Alvido.
Sen yigʻla farishtam yengil tortasan,
Alamdan toʻkilib ketsin barchasi.
Bilaman bu kecha azob yutasan,
Endi ochilmaydi sevgim darchasi.
Unutilsin barcha shodlig-u gʻamlar,
Unutgin jonginam va’da, vafoni.
Bilaman yodingda kechagi damlar,
Oʻylama azizim mendayin yorni.
Ne qilay, axir men ojiz bandaman,
Oʻzimga koʻp umr bitaolmayman.
Qismatim shu ekan, aytgin netaman,
Azroil kelibdi, qochaolmayman.
Sen esa baxt uchun yashagin jonim,
Alpqomat yor bilan murodingga yet.
Ushbu misraga ham bitildi qonim,
Oʻylama goʻzalim, bu yurakdan ket.
Alvido sevgilim men endi boray,
Soʻngi dil izhorim qogʻozda qolsin.
Duo qil jonginam jannatda qolay,
Ishqilib jannat ham bagʻriga olsin.
Binafsha she’ri.
Suv bo’yida binafsha
Bahor bilan uchrashdi.
Bo’yiga yetgan qizlarga
Gala sovchi ulashdi.
Binafshajon, binafsha,
Kokillari haydarsan.
Menga loyiq qiz topsang,
Qulog’imga aytarsan.
Men gʻaribga sovchilik
Sendan oʻzga kim qilgay.
Gulday nozik qiz qalbin
Sen bilmasang, kim bilgay.
To’y qilamiz keng chaman,
Ariqlarning bo’yida.
O’zing o’ynab berarsan
Muhammadning to’yida.
Ayt, ayt, u qiz qani,
Binafshajon, binafsha.
Ayt, ayt aytaqolgin,
Binafshajon, binafsha.
Bahor kelguncha.
Har bahor chokidan so’kilar yillar,
Tiriklik yo’lida to’kilar dillar,
Umr karvoniga qo’shilar yoʻllar,
Kim bor, kim yo’q yana bahor kelguncha.
Hayot qaramaydi ko’ngil mayliga,
Boqmagil, jonginam zamon zayliga.
Chiqaylik, g’animat, gullar sayliga,
Kim bor, kim yo’q yana bahor kelguncha.
Dunyoni unutgan insonlar oʻtar,
Ko’zlarni kuydirgan jononlar oʻtar.
Bugun orzu, erta armonlar o’tar,
Kim bor, kim yo’q yana bahor kelguncha.
Kim yetar manzilga, kim yetmas balki,
Yuz yillik chinorlar kesilar balki,
Bu qushlar bog’larni tark etar balki,
Kim bor, kim yo’q yana bahor kelguncha.
Biz baxtli bo’lamiz – Muhammad Yusuf sheri.
Mayli-da, kimgadir
Yoqsa,
Yoqmasa,
Ularga qo‘shilib
Yig‘lasharmidik.
Biz baxtli bo‘lamiz
Xudo xohlasa,
Xudo xohlamasa
Uchrasharmidik…
Rayhon hidlaringni
Yo‘llarimga sep,
Kut meni,
Har oqshom,
Ko‘kka oy chiqqan.
Faqat,
Yig‘lamagin,
Gunohim ne deb,
Aybing —
Onang seni
Chiroyli tuqqan!..
Menga
Bir tabassum
Hadya et, ey yor,
Nur tomsin
Lablaring
Sohillaridan.
O‘zing ayt,
Senday qiz
Yana qayda bor,
Kipriklari uzun —
Kokillaridan?..
Iymanib yashama
Xayol pinjida,
Yoyil,
Yayra jonim,
O‘rtanma g‘amda.
G‘iybatlarga chida,
Tuhmatga chida,
Sen bittasan, axir,
Yorug‘ olamda.
Men esa
Oshig‘ing sening —
Eng g‘arib.
Tundan so‘z
Qarz olib,
Tongga tutguvchi.
Sening yoningda ham
Seni axtarib,
Sening yoningda ham
Seni kutguvchi.
Ista,
Tiz cho‘kaman
Hozir oldingda,
Sevdim,
Sevganimdan
Uyalmoq nechun.
Barcha farishtalar
Sening qalbingda
Ijarada turgan
Qizlar men uchun!…
Biz baxtli bo‘lamiz
Xudo xohlasa,
Xudo xohlamasa,
Uchrasharmidik?!
Onamga she’ri.
Oh, mening ortimdan ovvora onam,
Bir parcha yuragi ming pora onam.
Har baloni ko‘rib yorug‘ dunyoda,
Toshkanni ko‘rmagan bechora onam,
Bolang bo‘lib bir bor boshlab keldimmi,
Endi men ham senga o‘g‘il bo‘ldimmi!..
Garchi bisotingda «bayram» so‘zi yo‘q,
Bilaman, kutasan sandal to‘la cho‘g‘,
Menda yurak deganlarin o‘zi yo‘q:
Men sovg‘a bermagan qiz yo‘q bu oqshom,
Senga na gul berdim, na shirin kalom,
Endi men ham senga o‘g‘ilmi, onam?..
Deysan: olislarda omon yursang bas,
Yodingga tushsam goh yo‘qlab tursang bas,
Bolam, senga hamma qiladi havas…
Axir, mening dardim She’r emas faqat,
Men mashhur shoirmas — mashhur beshafqat,
Endi men ham senga o‘g‘ilmanmi, ayt?..
Sha’ningga she’r bitdim. U seni topsin,
Poyingga tiz cho‘kib, qo‘lingni o‘psin.
Undan ham ulug‘im borligin ko‘rsin,
Men uchun ham aziz holingni so‘rsin,
Sensiz g‘arib ko‘nglim ko‘ngilmi, onam,
Endi men ham senga o‘g‘ilmi, onam
Beshinchi o’g’il.
Yetmish yulduz yog‘ilib,
Yarim oycha to‘lolmas,
Yetti yanga yig‘ilib,
Bitta ona bo‘lolmas,
Ona tirik eshikka
G‘urbat yaqin yo‘lolmas,
Mening esa, bag‘rim qon,
Vayronaman, Onajon…
Garchi biz yosh, g‘o‘r edik,
Siz bor — biz ham zo‘r edik,
Bir mayizni besh o‘g‘il
Teng bo‘lishib yer edik,
Goh talashsak, haq so‘zni
Onam aytsin der edik,
Tushmi endi u zamon,
Hayronaman, Onajon…
Tirik yursa volidang
Toqqa kuching yetarkan,
Onang o‘lsa, boshingdan
Oftob o‘tib ketarkan,
Jindekkina alam ham
Tog‘dek botib ketarkan,
Ko‘ksim to‘la ming armon,
To‘lg‘onaman, Onajon.
Onasiz uy — oysiz tun
Ekan endi o‘ylasam,
Qalbni o‘rtar dardlarim,
Qay birini so‘ylasam?
Sizsiz ko‘cham befayz,
Halovat yo‘q uyda ham,
Farishtasi tark etgan
Ostonaman, Onajon.
O‘zing uchun o‘l yetim!..
O‘rda ham men, qirda ham.
Ko‘ylagimda tugma yo‘q,
Tugma bo‘lsa, kir — yoqam.
To‘rt yangamga qo‘shilib
Turtkilaydi to‘rt og‘am,
O‘z uyimda jonajon,
Begonaman, Onajon.
Ko‘ngil o‘zin tutingan
Bir mehribon qo‘msaydi,
Dunyoda bir odamga
Siring aytib bo‘lsaydi,
Onasizni do‘sti ham,
Dushmani ham aldaydi,
Ayting axir, men kimga
Ishonaman, Onajon?..
Yo‘qligingiz qadamda
Turar shunday bilinib,
Non yopmaysiz tonglari
Menga kulcha ilinib,
Sarg‘ayarman sarg‘aygan
Rasmingizga termulib,
Ziyo istab zor qaqshar
Parvonaman, Onajon…
Uy to‘rida tolbeshik —
Akam yotgan, men yotgan,
Sherdek-sherdek kelbatli
Besh o‘g‘ilga asqotgan,
Qaytib kirib bo‘lsaydi
Bo‘lardim jon deb qaytgan!..
Men bu joyni hammadan
Qizg‘onaman, Onajon.
…Yashayapman sharpadek
Sezilmay goh, sezilib.
Gohi ko‘kka intilib,
Gohi yerga egilib,
Sog‘inganda she’r yozib
Yuraklarim ezilib —
El ichra bir shoiri
Devonaman, Onajon.
Yalpiz.
O‘zim jannatda-yu do‘zaxda ko‘nglim,
Yalpizjon sen o‘sgan o‘tloqda ko‘nglim.
Sen jilg‘a bo‘yida sarg‘aygan singlim,
Men ummonda senga mushtoq og‘angman
Ko‘zimdan yosh oqar yuzingdan o‘psam
Qaniydi bir umr poyingda cho‘ksam,
Dilingga dilimni dardini to‘ksam-
Vodiysidan ajrab qolgan vohangman
Men shoir emas, men nazmboz kosib,
She’rim shuhratimga emas munosib.
Bir lutf tufayli ming g‘aflat bosib,
Arig‘iga sig‘may qolgan nahangman
Osmonin tusi yo‘q bu taxtni netgum,
Rayhonin isi yo‘q bu baxtni netgum
Bosh olib yoningga keladi ketgum,
Dalangdan olamga bir sadaqangman!
Ey oq ko‘nglim mening ey ko‘k ko‘ylagim
Bo‘yingga bo‘yimni kelar tenglagim,
Kuylasam faqat sen sabab kuyladim
Yaprog‘ingdan yerga tomgan ohangman
Qaldirg’och.
Osmon boʻlsam, koʻshkimda
Sen yayrasang, Qaldirgʻoch,
Yayrarmidim oʻzim ham…
Ummon boʻlsam, toʻshimda
Suzib yursang yoyib soch,
Poylarmidim oʻzim ham…
Qara, qanday hotamman –
Seni oʻzim bearmon
Kuzatdim baxt yoʻliga.
Axir netay, odamman,
Odamzotni hech qachon
Qush qoʻnmaydi qoʻliga!…
Ko’klamoyim.
Sochimda oq, men bahordan o‘tindim:
Ko‘klamoyim, ko‘kingdan ber bir chimdim.
Qor qo‘ynida seni qo‘msab o‘kindim,
Ko‘klamoyim, ko‘kingdan ber bir chimdim.
Ko‘nglimga ko‘k binafshalar sochilsin,
Kokiliga tolpopukdan soch ilsin,
Boychechakka borar yo‘llar ochilsin —
Ko‘klamoyim, ko‘kingdan ber bir chimdim.
Fasl boshi, ham oxiri o‘zingsan,
Majnunlarning yo‘ldoshi ham o‘zingsan.
Laylilarning sirdoshi ham o‘zingsan,
Ko‘klamoyim, ko‘kingdan ber bir chimdim.
Kel-da endi sog‘intirmay odamni,
Sen yo‘g‘ingda bir g‘am bosdi yelkamni,
Qorlar kurab ko‘mib keldim otamni…
Ko‘klamoyim, ko‘kingdan ber bir chimdim.
Ko‘king bilan kiyintiray dalamni,
Oyog‘yalang suyuntiray bolamni,
O‘zing olgin ko‘ksimdagi alamni,
Ko‘klamoyim, ko‘kingdan ber bir chimdim.
Ginam yo‘qdir kuzda ketgan oqqushdan,
Iymanmasin qayta eshik qoqishdan.
Qumri bilan birga chiqdik biz qishdan,
Ko‘klamoyim, ko‘kingdan ber bir chimdim.
Jon ustida asrab yuray ko‘kni men,
To‘yib-to‘yib ko‘zga suray ko‘kni men.
Yana senga yetamanmi-yo‘qmi men,
Ko‘klamoyim, ko‘kingdan ber bir chimdim.
Dil yayrasin dala-dashting yasanib,
Yalpizlaring suv bo‘yiga yastanib.
Ikki misra bayt bitay bir maqtanib,
Ko‘klamoyim, ko‘kingdan ber bir chimdim!..
O’zbek haqida ballada.
Qiyosi yo’q uning mehri bir daryo,
O’xshasa o’ziga o’xshaydi O’zbek.
Boshqa millatlarni bilmadim, ammo,
Dunyoda bolam deb yashaydi O’zbek!
O’nta bo’lsa o’rni boshqa uning-chun,
O’g’lim otashimdan yaralgan uchqun.
Qizim parilardan chehrasi gulgun,
Qoshlari qalam deb yashaydi O’zbek!
Bir qo’lda belanchak, bir qo’lda Qur’on,
Bir yelkada ketmon, birida iymon.
Barchaga barobar bir oftobsimon,
Yashnasin olam deb yashaydi O’zbek!
Bobolari qaysi yigitlardan kam,
Momolari xushro’y yuzdan oshsa ham.
Zurriyotlari bo’lsa bitta uyga jam,
To’shak yetmay to’nin to’shaydi O’zbek!
Ehtirom etganga ehromlari bor,
Kekkayganga bo’yin egmaydi zinhor.
Beshik to’la jajji Islomlari bor,
Tosh o’tmas qo’rg’onga o’xshaydi O’zbek!
Qiyosin topdingmi aytgin Muhammad?
O’xshasa o’ziga o’xshaydi O’zbek.
Yomon she’r yozsang ham, betingdan o’pib,
Kam bo’lma bolam, deb yashaydi O’zbek!
Ilk sevgim.
Umrimda juda ko’p yolg’on gapirdim,
Va’dalar ayladim cho’kka tushib tiz,
Yo’limga intizor bo’ldi qancha qiz,
Men esa sevmasdan o’ttizga kirdim.
Ortga boqishga ham qo’rqaman endi,
Qayrilmas, shirin jon qiynalaverar.
Tuyg’ular tug’ildi, tuyg’ular so’ndi,
Men kezgan bog’lardan bir vido kelar.
Yodimda qolgani bir xira yulduz,
Tunlari ko’zimga termuladi jim.
Ko’nglim chamaniga bargin to’kar kuz,
Men seni izlayman ismsiz sevgim…
Ilk sevgi – eng baland shoxdagi olma,
Men unga intildim, yetmadi qo’lim.
Senga baxt tilayman, mayli, kim bo’lma,
Kunlaring xayrli bo’lsin, sevgilim!
Bir tasodif ro‘y berib agar,
Tildan qolsam, nedir bahona,
Tillarimni uchida u kun
Qotib qolgan so‘z sen bo‘l, Ona!
Bir tasodif ro‘y berib agar,
Ko‘rmay qolsam, bequt peshona,
Ko‘zlarim tub-tubiga u kun
Botib qolgan so‘z sen bo‘l, Ona.
O’g’lonlar.
Oʻzbek degan choʻng chinorning novdasi,
Yashnab ketib soʻlib qaytgan lolalar.
Oqtoʻrgʻaydek ozgʻingina gavdasi,
Askarlikdan oʻlib qaytgan bolalar.
Oʻzbekka yov har joyda bor, hamdam yoʻq,
Undan yuvosh, undan moʻmin odam yoʻq.
Oʻzbekka oʻq har joyda bor, malham yoʻq,
Askarlikdan oʻlib qaytgan bolalar.
Yigit yoʻli boʻlmaydi-ku xatarsiz,
Biz oʻylardik: bir kun kelib qaytarsiz!
Temir tobut ichra qaqshab yotarsiz,
Askarlikdan oʻlib qaytgan bolalar.
Oʻz yurtida suvga choʻkib oʻlmagan,
Oʻtda kuysa kuyib, oʻksib oʻlmagan.
Yo bir jangda qonin toʻkib oʻlmagan –
Askarlikdan oʻlib qaytgan bolalar.
Onangiz zor yigʻlab bagʻri giryondir,
Aybi nima bolamni? – deb hayrondir
Tinch kunlarda uvol ketgan yomondir,
Askarlikdan oʻlib qaytgan bolalar.
Oʻz uyida erka oʻgʻlon edingiz,
Yot yurtlarda buncha sarson boʻldingiz!
Mozorlarda oʻn sakkizga toʻldingiz,
Askarlikdan oʻlib qaytgan bolalar.
Onajonim.
Sahardanoq charxpalakday aylanasiz,
Bir ish bitsa boshqasiga shaylanasiz.
Onaginam, ayting qachon dam olasiz,
Shuncha ishga qanday yetar qudratingiz,
Onajonim, qachon bitar mehnatingiz?…
Qoʻlingizdan oʻpsam nonni isi kelar,
Qoʻying endi, mehribonim, endi bular –
Keliningiz oʻz bolasin oʻzi belar.
Shuncha boʻlar bir kelinga xizmatingiz,
Onajonim, qachon bitar mehnatingiz.
Oy botmay hech oʼrningizga yotmadingiz,
Kuzi bilan bogʻda olma qopladingiz.
Oʻrik pishib tugab ketdi – totmadingiz,
Oʻzimga deb bir bosh uzum uzmadingiz,
Onajonim, qachon tugar mehnatingiz.
Doʻstlarim-a, qoʻyinglar bu dunyolarin,
Onasizga tutmaydi nur-ziyolarin,
Tirigida olib qoling duolarin,
Armon qilmang erta yetmay fursatingiz,
Elga xizmat – Onangizga xizmatingiz!
Talabalar madhiyasi.
Alp o‘g‘lonlar o‘lkasi bu ko‘hna Turon
Qalqonlari, qanotlari, ilm istang.
Yarim jahon bunyod etgan Sohibqiron,
Alisherning avlodlari, ilm istang!
Taxtdan tushganda ham otdan tushmay yurgan,
Ajdodingiz uy qurmagan — Davlat qurgan.
Yurti uchun yelkasida tog‘lar surgan,
Rustamlari, Farhodlari, ilm istang.
Ko‘z ochgandan kezib yetti bahri ummon,
Yetti tilda so‘ylashgan biz tili biyron.
Vatanida Tojmahallar tiklar sulton —
Boburlari, Behzodlari, ilm istang.
Haq yo‘lida siz ilmning ummatlari,
Xalq yo‘lida hidoyati, himmatlari.
Madad bo‘lsin Yassaviyning hikmatlari,
Bobo Mashrab bayotlari, ilm istang.
Ilm istang, izingizdan ibrat yog‘sin,
Ixlosingiz, shahdingizdan shiddat yog‘sin.
Ortingizdan mag‘rur-mag‘rur millat yog‘sin
Mulki Turon najotlari, ilm istang!..
Alp o‘g‘lonlar o‘lkasidir O‘zbekiston,
Erkli elning qanotlari, ilm istang.
Yarim jahon bunyod etgan Sohibqiron,
Alisherning avlodlari, ilm istang.
Muhammad Yusuf ona haqida sherlar.
Topmoq – yo‘qotmoqdir,
Yo‘qotmoq – topmoq,
Sen so‘lib,
Men yashab,
To‘lishimga boq.
Sensiz topganimdan
Ko‘proq yo‘qotdim –
Sen meni yupatding,
Seni yig‘latdim,
Sen meni yaratding,
Seni tugatdim.
Uyalmay ONA deb,
Kelishimga boq!..
Sog‘inch haqda she’rlar
Yozdim o‘zimcha,
Mendan peshonangda
Dog‘lar tizimcha.
O‘g‘il bo‘lmay o‘lay,
Attangb ming attang.
Qiz tug‘sang netardi,
Ko‘proq qiz tug‘sang!..
Tirgak bo‘lolmadim
Bitta qizingga
Uyalmay shoirman
Deyishimga boq.
Joningdan aylanay,
Turgil jonajon,
Yo‘l qarab bo‘ldimi
Jigarginang qon?
Boqma, ko‘zlarimga
Bemajol, xasta,
Mening topganlarim
Gulmi bir dasta,
Yo‘qotganim senmi
Endi ONAJON?..
O‘z etimni o‘zim
Yeyishimga boq.
Bilsang yuragimni
Bir alam elar.
Buyursang qo‘limdan
Kelmaydi nelar,
Ayt,
Pichan yig‘aymi,
O‘tin yoraymi,
Yerni haydayinmi,
Ko‘k ag‘daraymi?..
Itdek oyog‘ingga
Suykalgim kelar –
Uchib-uchib, mana
Qo‘nishimga boq.
Hech narsa kerakmas,
Bolam, hech deysan.
Endi kech deysan-da,
Endi kech deysan.
Yuzimni bosaman
Muzday yuzingga,
ONAJON,
Zor qilib ketma izingga!
O‘lim oldida ham
G‘amimni yeysan,
Men-chi, jim, taqdirga
Ko‘nishimga boq.
She’rim bitdi,
Xayir,
Do‘stlar xush qoling.
Bedil yashamakka
O‘rganmang menday
Boring,
Volidangiz
Ko‘nglini oling,
Ertaga
Kech qolib
O‘rtanmang menday.
Kapalaklar odamlardan mehribon.
Tug’ilgandan men sho’rlikning bag’rim qon,
Bir jismimda talashadi ikki jon.
Jon talashsam, tepamda charx urgan ul,
Kapalaklar odamlardan mehribon…
Oqqushlarim, oq yomg’irda ucharlar,
Saharlardan shudring-sharob icharlar.
Tanlamayin qabrlarni qucharlar,
Kapalaklar odamlardan mehribon…
Gulga qo’nsa, qanotlari botmaydi,
Ojizlarim birovga tosh otmaydi.
Bir kun yashar, bir-birlarin sotmaydi,
Kapalaklar odamlardan mehribon…
Bir qarasang, na kulbasi, uyi yo’q,
Na tovushi, na qo’shig’I, kuyi yo’q.
Kapalakning kambag’ali, boyi yo’q,
Kapalaklar odamlardan mehribon…
Kapalakning Ka’basidir hur dala,
Dalasida mehr to’la, nur to’la.
Baxtsiz bo’lsa, bari baxtsiz bir yo’la,
Kapalaklar odamlardan mehribon…
Oydin oqshom yodga tushding, o malak,
Seni o’ylab bo’ldi yana qon yurak.
Sevaman deb aldamaydi kapalak!…
Kapalaklar odamlardan mehribon!…
Muhammadga ishonmagan ey, mo’minlar,
O’lsam so’zim eslab, uyga cho’minglar:
Kapalakning qanotiga ko’minglar,
Kapalaklar odamlardan mehribon…
ilmlar.uz saytidan foydalanildi.





















Ota