Mustaqillik haqida sherlar

Mustaqillik haqida sherlar.

Mustaqillik — bu har bir millat uchun eng qadrli va muqaddas ne’mat. O‘zbekistonimiz mustaqillik davrida katta o‘zgarishlar, yangilanishlar va yuksalish yo‘lidan bormoqda. Bugun bizning yuragimizda mustaqillikka bo‘lgan faxr va sevgi yonadi.
Sahifamizda joy olgan sherlar aynan shu buyuk davrni, yangi O‘zbekistonning yorqin kelajagini madh etadi. Ular mustaqillik ramzi sifatida yurtimizning erkinligi, tinchligi va farovonligini tarannum etadi. Har bir misra yurakdan chiqib, yangi davrimizning g‘ururi va umidlarini ifodalaydi.
Keling, birgalikda mustaqillik haqida sherlar, Yangi O‘zbekiston haqida she’rlarni o‘qib, o‘z vatanimizga bo‘lgan muhabbatimizni kuchaytiramiz!

“34 Yil: Mustaqillikdan – Yangi O’zbekiston sari!” tadbir ssenariysi

Yangi O‘zbekiston she’ri.

Davr-u davron keldi, o‘zgardi zamon,
Buyuk kelajakka ko‘z tikar inson,
Yurakda ishtiyoq, kuchli hayajon,
Yo‘ling yorug‘ bo‘lsin, Yangi O‘zbekiston!

Uchinchi renessans, yuksalish vaqti,
Marraga yetishmoq yoshlarning ahdi.
Yangi O‘zbekiston – Ona xalq baxti
Yo‘ling yorug‘ bo‘lsin, Yangi O‘zbekiston!

Prezident otamiz xalqqa madadkor,
Shu bois bizlarga zafar doim yor.
Aytaman baralla takror va takror,
Yo‘ling yorug‘ bo‘lsin, Yangi O‘zbekiston!

Tinch bo’lsin osmonimiz.

Sergakmizu hushyormiz,
Yurt ishiga tayyormiz.
Har ishda madadkormiz –
Tinch bo‘lsin osmonimiz,

Biz Vatan posbonimiz.
Bizni kutar baxt-iqbol,
Porloq bo‘lar istiqbol.
Mangu bo‘lsin istiqlol –

Tinch bo‘lsin osmonimiz,
Biz Vatan posbonimiz.
Vatan –ko‘z qarog‘imiz,
Muqaddas tuprog‘imiz.

Yovga shay yarog‘imiz –
Tinch bo‘lsin osmonimiz,
Biz Vatan posbonimiz.
Avlodlari baxtga yor,

Ajdodlari madadkor.
Kelajagi ulug‘vor –
Tinch bo‘lsin osmonimiz,
Biz Vatan posbonimiz.

Vatan haqida sher

Yangi O‘zbekiston farzandlarimiz.

Gʻayrat MAJID she’ri.

Zaminga oyoqni zo‘r tiragancha,
O‘qib izlanamiz anchadan ancha,
O‘zgarishlar bo‘ldi qanchadan qancha
Uchinchi renessans dilbandlarimiz,
Yangi O‘zbekiston farzandlarimiz!

Orzular-ey, elchi bo‘linglar xolis,
Dillarimiz aylang dunyoga fonus,
Hali, eh-he yurar yo‘limiz olis,
Yurtimiz ertasi, asal-qandimiz –
Yangi O‘zbekiston farzandlarimiz!

Yurtning kelajagi qo‘limizdadir,
Sadoqat va vafo yo‘limizdadir,
Rahnamolar o‘ng-u so‘limizdadir,
Vatanning umidli avlodlarimiz –
Yangi  O‘zbekiston farzandlarimiz!

Aziz xalqim kutgan goʻzal zamon keldi,
Diyorimga yangi bahor, boʻston keldi,
Qalbimizga ziyo – ilmu irfon keldi,
Shukrimiz bor, ushalgan bu armon uchun,
Yangi hayot uchun,
Yangi Oʻzbekiston uchun!

Buxoriylar,Termiziylar ilmi yoddir,
Temuriylar, Nasafiylar ruhi shoddir,
Azizlarning yotgan joyi ham oboddir,
Bobolardan meros qutlugʻ makon uchun,
Yangi hayot uchun,
Yangi Oʻzbekiston uchun!

Oʻzbek nomi bordir qutlugʻ xabarlarda,
Ona tilim yangrar oliy minbarlarda,
Hilpiraydi bayroq mudom zafarlarda,
Dillar osmon yaralgan keng imkon uchun,
Yangi hayot uchun,
Yangi Oʻzbekiston uchun!

Baland-baland uylar yurtning dil bayoni,
Yangi qoʻshiq bu – adiblar xiyoboni,
Yorugʻ umid, maqsadlarning yoʻq poyoni,
Inson qadri, inson baxti, inson uchun,
Yangi hayot uchun,
Yangi Oʻzbekiston uchun!

Saodatga yetdik, shukur, bardosh bilan,
Gʻamlar ketar sodiq hamroh, darddosh bilan,
Bugun xalqim inoq doʻstu qardosh bilan,
Oq manzillar, yangi davru davron uchun,
Yangi hayot uchun,
Yangi Oʻzbekiston uchun!

Taʼlim, taʼlim, taʼlim degan xitob bilan,
Oʻzbekiston yuksalmoqda shitob bilan,
Iymoningga quvvat indir kitob bilan,
Shiddat bilan yoʻlga chiqqan karvon uchun,
Yangi hayot uchun,
Yangi Oʻzbekiston uchun!

Boshi koʻkka tegib turgan togʻim, Vatan.
Tinchlik bilan baxtdan masrur chogʻim, Vatan,
Shavkatinga koʻz tegmasin, bogʻim, Vatan,
Xalqim deya yashayotgan sarbon uchun,
Yangi hayot uchun,
Yangi Oʻzbekiston uchun!

Mustaqillik dars ishlanmasi: 1-4 sinf, 5-11-sinf

Mustaqil O’zbekiston.

Kindik qonim to’kilgan tuproq
Tuprog’ida o’sajak yaproq
Ona xalqim ko’ngli buncha oq
Ona yurtim O’zbekistonim

Ko’ksimiz tog’ ko’nglimiz bog’
Zabonim bor hayotimiz chog’
Shukur deyman ota-onam sog’
Ona yurtim O’zbekistonim

Senga deyman shukurlar shukur
Hizr nazar solgan bu Vatan
Xalqimga xos ezgulik g’urur
Ona yurtim O’zbekistonim

Yolg’izimsan go’zalim onam
Sen men uchun yakka-yagona
Dunyo ichra dur-u durdonam
Ona yurtim O’zbekistonim.

Maktab haqida sherlar

Ey aziz Vatanim,jonajon o’lkam.

Kimlar sening uchun qonlar yutmadi
Kimlar sening uchun jonlar tutmadi
Qay kimsa senga zor bo’lib o’tmagan
Ey aziz Vatanim,jonajon o’lkam

Kimlar seni xazon qilmoqchi edi
Tuhmat balosini solmoqchi edi
Boshingda hukmron bo’lmoqchi edi
Ey aziz Vatanim jonajon o’lkam

Ammo sen yovlarga taslim bo’lmading
Mag’rur turib yovni pisand qilmading
Gullading yashnading ammo so’lmading
Ey aziz Vatanim jonajon o’lkam

Dono ajdodlarim bosgan iziman
Mustaqil yurtimning porloq yuziman
Shu ulug’ Vatanning erka qiriman
Ey go’zal Vatanim jonajon o’lkam.

Mustaqillik bayrami rasmlari

Vatan devorlari.

Bu devorlar – bizning yelkamiz,
Bu devorlar – oyoqlarimiz.
Yelkamizda ona o‘lkamiz –
Kuyu bayot, qir, bog‘larimiz.

So‘zimizdir – devorda har tosh,
Ko‘zimizdir – toshdagi bo‘yoq.
Izimizdir – yurtdagi har bir
Qal’a, qasr, madrasa, chortoq.

Minoralar – qaddimiz bizning,
Sardobalar – bizning ko‘z yoshlar.
Bitik toshdir har biri, o‘qing,
Poydevorga taxlangan toshlar.

Bo‘lmaganda gar Shoxizinda,
Yo Xivaning Kalta minori –
Yurak degan qutlug‘ zaminda
Yuksalmasdi G‘urur chinori.

Bo‘lmaganda Go‘ri Amirning
Toshlariga bitilgan ko‘klam –
Hayratlanib qoshida sirning,
Viqor bilan to‘lmasdi ko‘krak.

Yurmas edik bunchalar tetik,
Bo‘lmas edi tanda ruh obod.
Bor bo‘lardi yurakda kemtik –
Bo‘lmaganda oddiy Ruhobod.

Imom Buxori-yu Shohi Naqshband
Imom Termizi-yu, Najmiddin Kubro —
Bobolarning ravshan imoni
Yuraklarga beradi oro.

Biz ularni bilmasak agar
Porlamasdi buncha ko‘zimiz.
Osmonlarni titratmas edi
She’r aytganda sas, ovozimiz.

Ona deymiz Vatanni!
Vatan –
Shu Registon, shu Ichanqal’a.
Bolalikdan ular bizlarning
Boshimizda aytmishlar alla.

Vatandir – yer ostidan birdan,
Qadim qo‘shiq parchasi kabi,
Sellar o‘tib, ko‘zga tashlangan
Bitik toshlar – bobolar qalbi.

Qal’alarning ko‘ksiga botgan
O‘qlar izi – yarasiga boq!
Ular – dilda og‘riq uyg‘otgan
Bujur yara, iztirob, ingroq.

Ularni sen o‘yilgan ko‘z deb
O‘ylamagin – ko‘radi ular.
Ular yashar dunyoda biz deb,
Qadamimiz tuzatib turar.

Ular qaddi bukilsa agar,
Yelkamizni tutaylik darrov.
Qulayotgan minor oldidan
Befarq o‘tgan ajnabiymas, yov!

Zilzilani kutgan asbobdek
Sergak bo‘lsin doimo yurak.
Aldamasin xuddi sarobdek
Aldoqchi his, o‘tkinchi ermak.

Yelkalarni tutaylik, toki
Qudrat bilan to‘lsin yelkamiz.
Yelkamizda ko‘zimiz oqu
Qorasi – yurt, ona o‘lkamiz.

Yelkalarni tuting… Devorlar
Cho‘kib borar – Vaqt qilmas shafqat.
Qulaganda… Qulaydi ular
Bolalarning ustiga faqat.