Abdulla Oripov sherlari. Abdulla Oripov haqida batafsil ma’lumotlar.
Mundarija
Abdulla Oripov haqida.
Abdulla Oripov – o‘zbek she’riyatining yorqin yulduzlaridan biri, o‘zining betakror lirikasi va ijodi bilan milliy adabiyotga katta hissa qo‘shgan shoirdir. Uning ijodi o‘zining samimiyligi, go‘zalligi va ruhiy chuqurligi bilan ajralib turadi. Oripovning she’rlari ko‘pincha insonning ichki olami, muhabbat, yurtsevarlik va hayotning o‘ziga xos jabhalarini tasvirlaydi.
Oripov nafaqat she’riy ijodkor, balki adabiyotshunos, pedagog va jamoat arbobi sifatida ham faoliyat yuritgan. Uning mehnati va ijodi o‘zbek adabiyotining rivojiga katta turtki bo‘lgan.
Bugungi kunda Abdulla Oripovning asarlari yosh avlodga to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatib, ularga she’riyatning o‘ziga xos go‘zalligini va kuchini anglatmoqda.
Shu bilan birga, u o‘zining falsafiy, ruhiy va estetik qarashlari bilan adabiyotda yangi mavzularni ochib berdi va bu unga o‘zining yuksak maqomini ta’minladi.
Abdulla Oripov sherlari.
Bemor sho’rlik ko’nikkan butun
Og’riqlarning sherikligiga.
Tongda ko’zin ochganda har kun
Shukur qilar tirikligiga.
Ko’rib ketar o’nta shifokar,
Har tomandan tekshirar qarab.
Bitta gapni eshitib o’n bor.
O’n xil tashxis qo’yarlar, ajab.
Hamshira qiz uh tortar sekin,
Balki uning sabri ham bitdi.
Dardi sinov derdilar, lekin
Bu galgisi cho’zilib ketdi.
Ajr.
Yomon tushlar ko‘rsang,
Bosinqirasang,
“Alhamdu”ni aytgil,
Qochadi shayton.
Falakdan nisbangni
O‘ylab qarasang,
Sen ham hazilakam
Emassan, Inson!!!
Seni yaratgandi
Aslida Alloh,
Bosh bo‘lasan, deya
Farishtalarga.
Lekin tinch yurmading
Arshda ham, e voh,
Aralashib qolding
Har xil ishlarga.
Allohning qoshida
Bo‘lsang ham iqror.
Ajringni goh uzib,
Uzolmagansan.
Kechirmayin desa
Ibodating bor,
Kechirayin, desa
Tuzalmagansan.
O’zbekiton madhiyasi- Abdulla Oripov sherlari.
Serquyosh, hur o‘lkam, elga baxt, najot,
Sen o‘zing do‘stlarga yo‘ldosh, mehribon!
Yashnagay to abad ilmu fan, ijod,
Shuhrating porlasin toki bor jahon!
Oltin bu vodiylar — jon O‘zbekiston,
Ajdodlar mardona ruhi senga yor!
Ulug‘ xalq qudrati jo‘sh urgan zamon,
Olamni mahliyo aylagan diyor!
Bag‘ri keng o‘zbekning o‘chmas iymoni,
Erkin, yosh avlodlar senga zo‘r qanot!
Istiqlol mash’ali, tinchlik posboni,
Haqsevar, ona yurt, mangu bo‘l obod!
Oltin bu vodiylar — jon O‘zbekiston,
Ajdodlar mardona ruhi senga yor!
Ulug‘ xalq qudrati jo‘sh urgan zamon,
Olamni mahliyo aylagan diyor!
To’da.
Ming yillardan buyon jami hayvonlar,
Bo’rilar, shoqollar, sherlar, arslonlar.
To’da-to’da bo’lib yashab kelishgan,
Birga ov qilishgan birga yeyishgan.
To’daning bosqini dahshat juda ham,
Mamontni yiqitgan bir to’da odam.
Agarda qo’zisa to’daning feli,
Unga teng kelolmas soylarning seli.
Xos unga yovuzlik, shavqatsizliklar,
Qorni to’q bo’lsa-da, toqatsizliklar.
Irsiyat so’zini aytishmas bekor,
Barchasi to hanuz yo’qolmagan, bor.
Bir hisni yashirib axir netaman,
To’dani ko’rganda qo’rqib ketaman.
O’zbekiston she’ri.
Men nechun sevaman O’zbekistonni,
Tuprog’in ko’zimga aylab to’tiyo?
Nechun Vatan deya yeru osmonni,
Muqaddas atayman, atayman tanho.
Aslida, dunyoda tanho nima bor,
Paxta o’smaydimi o’zga elda yo?
Yoki quyoshimi sevgimga sabab?
Axir quyoshli-ku butun Osiyo.
Men nechun sevaman O’zbekistonni?
Bog’larni jannat deb ko’z-ko’z etaman,
Nechun ardoqlarkan tuprog’ini men,
O’paman: “Tuprog’ing bebaho, Vatan”
Aslida tuproqni odil tabiat
Taqsim aylagan-ku yer yuziga teng.
Nechun bu tuproq deb yig’ladi Furqat,
O, Qashqar tuprog’i, qashshoqmiding sen?
Xo’sh nechun sevasan O’zbekistonni,
Sababini aytgin, desalar men ga,
Shoirona, go’zal so’zlardan oldin
Men ta’zim qilaman ona xalqimga.
Xalqim, tarix hukmi seni agarda,
Mangu muzliklarga eltgan bo’lsaydi.
Qorliklarni makon etgan bo’lsayding,
Mehrim bermasmidim o’sha muzlarga.
Vatanlar, vatanlar, mayli gullasin,
Bog’ unsin mangulik muzda ham ammo
Muallim.
Muallim haqida soʻzim ushbudir:
Muallim kamolot ichra koʻzgudir.
Oʻqidim Gerodot, tarixni koʻp bor,
Forobiy, Danteni takror va takror.
Barini oʻqidim, lol qoldi aqlim,
Bariga ustozsan oʻzing, muallim.
Alisher qalbiga solgan sehr-fayz
Sensan,ey muallim, ustoz Abul-Lays.
Qutlugʻ xonadonda qutlugʻ kalom bu,
Hamid Olimjon bu, Gʻafur Gʻulom bu.
Buyuk Temur sendan topgandir taʼlim,
Sen shundoq, aziz zot, aziz muallim.
Rost aytsam, oʻzingsan eng avval daho,
Sen hayot ganjida durri bebaho.
Ulugʻ ayyomingda sheʼriy kalom bu,
Shogirdlar nomidan qutlugʻ salom bu .
Qizlarim.
O‘g‘il-ku, egilgan qaddingni tutib,
Qulatmay turguvchi tayanch-tirgakdir.
Qizing-chi, hattoki o‘zni unutib
Boshga qo‘nib turgan qushday sergakdir.
Nimani istasang, pildirab qizing
O‘sha on oldingga shay qilib qo‘ygay.
Unga quvonch erur borliging – o‘zing,
Ko‘rib ko‘zi bilan mehringga to‘ygay.
Qaydandir sen tomon otilsa bir tosh
Zarbasi tekkaydir eng avval unga.
Shod bo‘lsang, sevinchdan ko‘zlarida yosh,
Alyorlar aytadi o‘sha xush kunga.
Yel tegsa, issig‘ing chiqsa nogahon
Misoli o‘tda u yonib ketgaydir.
Yig‘lasa, falakka dastlab, begumon
Uning iltijosi borib yetgaydir.
Go‘dak chog‘idanoq qo‘g‘irchoq o‘ynab,
Hayotni yaratish tug‘ma xislati.
Yaxlit mo‘jiza u, qarasang o‘ylab,
Ja’m unda onaning bor fazilati.
Kelgay-ku balog‘at yoshi ham tayin,
Umrning munis bir pallasi yetgay.
O‘sha kun tizzangga qo‘yib manglayin
“Rahmat, Otajon”, deb seni tark etgay.
Endi-chi, yonida jufti munosib,
Qumridek sayr etib yurishi yaxshi.
Payt kelib, bolasin bag‘riga bosib,
Ota, – deb eshikdan kirishi yaxshi!
Qizlarim shoh baytdir mumtoz g‘azaldan,
Farishta yurarmish qiz bor xonada.
Bejiz aytmaganlar, azal-azaldan
Qizning haqi ko‘proq ota-onada.
Sevgi o’limi she’ri.
Yomg‘ir tinmay yog‘di kun bo‘yi,
Yomg‘irli kun kabi ezildi dardim.
Yaydok kuchalarda jim yurgan kuyi,
Sening izlaringni axtardim.
Ufqlarda esa achchik bir tuman,
Mening kuzlarimga quyardi zahar.
Uvishgan qalbimni sokinlik bilan,
Ezar edi bo‘m- bo‘sh bu shaxar.
Endi sen tutmassan aslo qulimni,
Utgan sevgim uchun ochmassan aza.
Oh, qanday o‘lim bu sevgi o‘limi,
Unga na kabr bor va na janoza.
Shoira Zulfiya opamga.
Oʻtgan yillar uchun chekmang xijolat,
Uzr soʻraybermang yuragingizdan.
Xijolatin tortsin oʻzi tabiat,
Tabiat uzrini soʻrasin sizdan.
Zahmatkash, mehnatkash shu qalam bilan,
Buyuk asrimizning siz ham naqlisiz.
Davrga goh quvonch, goh alam bilan,
Baho bermoqlikka siz ham haqlisiz.
Tabarruk bir yoshga yetibsiz omon,
Allohim kun bersa adogʻi boʻlmas.
Agar yuraklarni zabt etsa inson,
Undayin umrning sanogʻi boʻlmas.
Qorongʻu tunlarda olovli soʻzni,
Kimki mashʼal qilsa tole unga yor.
Baxtli ayolman deb atabsiz oʻzni,
Sizday shoiri bor xalq ham baxtiyor.
Genetika.
Men ham yashayapman o‘z zamonimda,
Davrimdan qayga ham tushardim yiroq.
Va lekin bilmadim, mening qonimda
Qaysi bir bobomning xislati ko‘proq.
Barchaga barobar meros bu bashar,
Otadan qosh-ko‘zni olgan o‘g‘ildek,
Bilmadim, qonimda qay ajdod yashar,
Balki bobo Kayfiy, balki Ulug‘bek.
Tunlar qulog‘imga chalinar elas,
Tulporlar kishnashi, otlar gurrosi.
Balki Muqanna bu – tinib tinchimas,
Balki Panipatda Bobur urhosi.
Balki tanglayimni ko‘tarib ketgan
Darbadar bir oshiq va yo sarbador.
Balki biror bobom shahanshoh o‘tgan,
Balki vujudimda darvesh qoni bor.
Men yaxshi anglayman moziy ne demak,
Tarixda har kimning bor o‘z zamoni.
Lekin tanimizda kezar-ku beshak
Olis bobolarning ming yillik qoni.
Nechog‘li sabot bor yovqur Shiroqda,
Eryigitov to‘pga ko‘ksin bosar jim.
Rahimov g‘animga tashlangan choqda
Alpomish shiddatin payqamagan kim?!
Oh-u balosi bu – ohuday boqqan,
Shervachchada esa sherning shiddati.
Avlodlar qonida ming yillab oqqan
Buyuk bobolarning turfa hislati.
Neki ezgulik bor jahonda poydor
Joylab ola bildik barchasin qonga.
Asrlar so‘ngida tole kelib yor
Farzand bo‘la bildik buyuk zamonga.
Singdi ruhimizga mangu barhayot
Alisher she’ri-yu Pushkin bayoti.
Singdi ruhimizga g‘olib hissiyot –
Jasur Matrasovning tengsiz saboti.
Singdi qonimizga shu otash dunyo,
Singdi qonimizga muhabbat, g‘azab.
Yiroq avlodlarga bizlardan ammo
Qay bir hislatimiz qolarkin, ajab?
Nima qolar ekan? Qay ezgu tilak,
Qay his – yuraklarda topolgan kamol?
Yiroq avlodlarga bizlardan beshak
Qolar kurashlarda toblangan xayol.
Shu yovqur asrda yashadik ro‘y-rost,
Ranj-u balolardan hayiqmay taqir.
Biroq avlodlarga bizlardan meros
Buyuk bardoshimiz qolg‘usi axir.
Bizdan ham qolg‘usi shu qadim dunyo,
Qon bilan, ter bilan qotgan shu tuproq.
Yiroq avlodlarga bizlardan ammo
Tashnalik qolg‘usi, do‘stlarim, ko‘proq.
Yashadik shu rangin dunyoda mas’ul,
To ellar ko‘z yoshi bo‘lmasin chashma.
O‘zni bag‘ishladik kurashga butkul,
Demakki, yashadik oromga tashna.
Tashna yashadik biz mehrga mutloq,
Ishqqa, muhabbatga tashna o‘tdik biz.
Goh esa quyoshdek porloq va yiroq,
Haqqa, haqiqtga tashna o‘tdik biz…
To‘fon, qasirg‘alar kechar-ku hali,
Kechadi avlodlar qator, galma-gal.
Balki oro topib bashar sayqali,
Tug‘ilar eng oliy inson, mukammal.
U o‘zin tanigay shunda daf’atan,
To‘fon, qasirg‘alar bosirqi bir tush.
Shu buyuk sayyora – yagona Vatan,
Inson o‘z baxtidan o‘zi ham sarhush.
Munis nigohini qadab quyoshga
Turar u nurday pok, ishqday bezavol.
Kechmish kamolotin ko‘tarib boshga,
Yiroq asrlarga ko‘z tikib xushhol.
Turar u go‘dakday beg‘ubor kulib,
Balki kulgusi ham bizdan meros bu.
Rishtayi jonida bir zarra bo‘lib,
Bizning ham qonimz gupurgay, rost bu…
Bobolar dunyodan o‘tdilar shundoq,
Biz ham yetuklikka bo‘lmadik timsol.
Lekin sen bo‘larsan bokira mutloq,
Lekin sen yasharsan farishta misol.
Kahkashon sayrida hur quyosh bilan
Kezarsan to abad shoduman xurram.
Labda tabassum-u ko‘zda yosh bilan
Senga talpinaman, buyuk nabiram…
Go’zallikni yo’qlash.
Yuzlaringda ajin, sochlaringda oq,
Yelkangdan yuk bo’lib bosibdi yillar.
Quralay ko’zlarda tubsiz bir charchoq,
Bekor gap, kim desa:yoshdir ko’ngillar.
Bir vaqtlar nomingni eshitgan zahot
Yonardik o’t ketgan kabi to’qayga.
O, hissiz tabiat, shafqatsiz hayot,
Shunday go’zallikni bekitding qayga?
Ona- Abdulla Oripov sherlari.
Kimdir savol berdi: –Aytgil, Muhammad,
Yolg’iz sen Rasulsan butun olamga.
Kimga ko’p yaxshilik aylay, o’zing ayt,
Ota-onamgami yoxud bolamga.
Rasul javob qildi: – Tingla, birodar,
Gapimni uch bora quloqqa ilgil.
Imkon topa olsang dunyoda agar,
Eng avval onangga yaxshilik qilgil.
Bu hikmat sharhini o’yladim uzoq –
Rostdan ona erur qiblayi olam.
Garchi barchamiz ham padarmiz, biroq
Onadan tug’ilgan payg’ambarlar ham!
O’zbekiston bayrog’i.
Har qanday lashkarning ham
O’z tug‘i, yalovi bor,
Sen qaysi saltanatdan,
Sen qaysi davlatdan kam.
Qo‘rg‘onlar qatorida
Bir qo‘rg‘onsan ustuvor,
Vallamat, tug‘dor yurtim,
Muhtasham Respublikam.
O’ylayman, ha, olamda
Nisbiy erur ko‘p holat,
Zamona g‘alviridan
Har narsa o‘taverar.
Tarix uchun va lekin
Kim ham bergay kafolat,
Yakka inson bir yo‘lchi:
Kelaru ketaberar.
Qadim-qadim zamonda
Yunonlik haykaltarosh,
Bir san’at yaratibdi,
Maqsadi – bir burda non.
Haykal esa asrlar
Sinoviga bermish dosh,
Bugun uni ko‘klarga
Ko‘tarar butkul jahon.
Ko‘zni kattaroq ochib
Boqsang bu muammoga,
Alam qilgulik qadar
Kam yashar inson zoti,
Faqatgina xalq sohib
Bardavom bu dunyoga,
Asragay har kas nomin
Faqat xalqning hayoti.
Sanasang hodisot mo‘l
O’zbekning tarixida,
Har biriga bir noma
Yoki doston bitgulik.
Ne zotlar oqmagan bu
Asrlar arig‘ida,
Har biri bitta xalqning
G‘ururiga yetgulik.
Barchaga ayon erur
Men aytgan ushbu gaplar,
To hanuz asablarni
Ezg‘ilar bu shum o‘tmish.
Moziyga o‘qtin-o‘qtin
Sochsak hamki g‘azablar,
Lekin ayting, o‘zbekning
Qo‘lidan kim ham tutmish?
Bir kuni yovqur shoir
Ya’ni Turdi Farg‘oniy,
Bo‘ltak bo‘lgan bu xalqqa
Birlash deb qildi xitob.
Bejavob qolaberdi
Uning dardli so‘rog‘i,
O’sha-o‘sha zamin kar,
O’sha-o‘sha gung oftob.
Bugun zimdan nazar sol
Sen mana bu bayroqqa,
Mayliga bir daqiqa
Unutgin turfa kekni.
Shu bayroq nomimizni
Eltdi yiroq-yiroqqa,
Shu bayroq birlashtirdi
Parokanda o‘zbekni.
Vatan Farzandi.
Goho yosh bolaga o’xshaydi Vatan,
Sodda, norasida, pok va beg’ubor.
To ozor yetmasin unga daf’atan,
Begona ko’zlardan asramoq darkor.
Vatan ulugʻ pirga o’xshaydi gohi,
Qo’llagay, aritgay ko’zdan yoshlarni.
Yursa tovoniga botmasin toki,
Yo’ldan olib qo’ying har xil toshlarni.
Kim uning xizmatin etolsa ado,
Ikki dunyoda ham bo’lmagaydir kam.
O’zini tamasiz qildimi fido,
O’sha zot Vatanga farzand chinakam.
Vatan haqida sher.
Sev Vatanni, sevgin borini,
Tog’larining qorigacha sev.
Hukm deb bil ixtiyorini,
Cheksiz, tubsiz g’origacha sev.
Vatan mehri bo’linmas aslo,
U hammaga barobar nurday.
Vatandoshman, deganning ammo
Sevib bo’lmas barchasin birday.
Tabiat.
Uzoqlarda qoldi tugʻilgan uyim,
Ajib bolaligim qoldi uzoqda.
Qoldi xommapishga kõmilgan uyim.
Qoldi singillarim bari yiroqda.
Endi men eslayman kõzlarimda nam,
Õsha yillarimning otash sehrini.
Qõmsab talpinaman gohi-gohi dam
Munis singillarim ma’yus mehrini,
Shunday paytda õzing aylagil shafqat,
Singil bõla qolgil, menga, tabiat.
Aqlim tanidimu qoshimda shu kun,
Jasur akalarim safini kõrdim.
Ularning bari ham botir va durkun,
Men ular safiga she’r bilan kirdim.
Endi men eslayman kõzlarimda nam,
Õsha davralarning otash sehrini.
Qõmsab talpinaman gohi-gohi dam,
Jasur akalarim ajib mehrini.
Shunday paytda õzing aylagil shafqat,
Aka bõla qolgin menga, tabiat.
Õtgan kunlarimga boqib muntazir,
Sog’inchdan yonadi yonga bu jonim,
Afsuski, yonimda emassiz hozir,
Donishmand ustozim — siz, otajonim.
Endi men eslayman, kõzlarimda nam.
Himmatli sõzlarning otash sehrini.
Qõmsab talpinaman gohi-gohi dam,
Donishmand otamning shafqat, mehrini.
Shunday paytda õzing aylagil shafqat.
Ota bõla qolgil menga, tabiat.
Men aziz onamni tuproqqa qõydim,
Hali tingan emas kõzdagi yoshim.
Olis kechalari hijronda kuydim.
Endi qay siynaga qõyaman boshim.
Endi men eslayman kõzlarimda nam,
Ona degan sõzning qaytmas sehrini.
Qõmsab talpinaman har zum, har qadam
Onam og’ushini, onam mehrini.
Shunday payt ham õzing aylagil shafqat,
Ona bõla qolgil menga, tabiat.
Saharlik.
Ro’za kunlarida bizning uyda ham
O’chmasdi tonggacha toat chirogʻi.
Ibodat qilardi otam va onam,
Men ham uyg’onardim saharlik chog’i.
Mo’jaz dasturxonda shukrona taom:
Bitta chalpak non-u mayiz yo o’rik,
Saharlik jimgina etardi davom,
Bularning bariga men ham bir sherik.
Yillar o’tib ketdi, endi men uchun
Armon u kunlarning har bir fursati.
O’sha azizlarim… ular yo’q bugun,
Bitgan ular uchun ro’za muddati.
Laylatulqadr.
Qadr kechasida jami musulmon,
Alloh mujdasiga ko’z tikar giryon.
Har yili bir bora yuz bersa hamki,
Men uni kutgayman har tun nigoron.
Ro’za.
Ramazon oyida, hayit chog’ida,
Sumalak pishirdi ahli musulmon.
Unni qovurdilar zaytun yogʻida,
Halim tayyorladi kimda bor imkon.
Bahor keldi mana, qishdan chiqoldik,
Bergan rizq-ro’ziga ne’matga sharaf.
Tog’dayin zahmatni axir yiqoldik,
Tabiatga sharaf, himmatga sharaf.
Ro’zadan chiqqanlar, Sizga ham rahmat
Farzingiz sinovli saodat erur.
Rasululloh demish: — Sabr qil, ummat,
Mo’minlik belgisi qanoat erur.
Abdulla Oripovga atab she’r.
(5-noyabr – Abdulla Oripov vafot etgan kun)
Nogahon koʻrindi chaqnoq bir yulduz,
Nur sochib porladi, tilga tushdi tez,
Paydo boʻlgandida bir “MITTI YULDUZ”
Yorugʻ yulduz edi Abdulla Orip.
Kunlarning birida chaqnadi chaqin,
Koʻkdan yulduz koʻchdi juda ham yorqin,
Koʻk, zamin goʻyoki bir qalqib ketdi,
Olamdan oʻtgandi Abdulla Orip.
Xira tortib qoldi yulduzsiz osmon,
Azador boʻlgandi shoirsiz zamin,
Boʻzladi oʻzbegim, boʻzladi qardosh,
Axir oʻtgan edi Abdulla Orip.
Koʻchdi deb boʻlmas yorqin yulduzni,
Oʻldi deb boʻlmas joʻshqin shoirni,
Hali koʻp yoʻqlaydi “YILLAR ARMONI”.
Yoʻq,hali oʻlmagan Abdulla Orip.
“JANNATGA YOʻL” doim izladi shoir,
Topgandir ehtimol avvali oxir,
MALOMAT TOSHLARI “ otildi qancha,
Hammasin koʻtardi Abdulla Orip.
”ISHONCH KOʻPRIKLARI “ dardiga darmon,
Tugʻilgan maʼvosi hur ”OʻZBEKISTON“
”NAHOT QALʼASI» dir suygani xalqi,
Yoʻq hali oʻlmagan Abdulla Orip.
Har tongda uygʻotsa yurt madhiyasi,
Hech qachon qulamas metin qoyasi,
Qalbidan joy olgan tanti xalqining,
Hech qachon oʻlmaydi Abdulla Orip.
Oq ot.
Navoiy “Xamsa”ni tugatdi yozib,
Qutlashga yig’ildi аrkoni davlat.
Boyqaro аyricha hurmat ko’rgazib,
Оq оtin minishga аyladi da’vat.
Lekin uzr, dedi shoiri davron,
Ehtimol ,bu holni kibr deb bildi.
Shunda sekingina lutf etdi Sulton:
— Buni оtning o’zi iltimos qildi.
O’tmishdan ertaklar.
2019 yil Avstraliyada o‘rmon yong‘inlari bo‘ldi
Bolalikning bog‘lari yondi
yashil qit’a o‘rmonlariday,
lablarimga may tutdi hayot —
o‘ta achchiq may.
Shundan beri ucholmadim bot,
shundan beri kaftimdadir jon,
oyog‘ingga yopishdim, hayot,
o‘tdan qochgan kaolasimon.
Odamlarga boqdim umidvor,
garchi bari norasta, sabiy,
har suv tutgan kasni bildim yor,
tashna, kuyuk kenguru kabi.
Esimdadir:
aprelmi yo may,
tutun misol o‘sdi zorimiz,
yashil qit’a o‘rmonlariday
yonib ketdi bug‘doyzorimiz.
Zir yugurdi otam to‘rt tomon,
og‘alarim chopdi yoniga:
o‘t qo‘ygandi qay bir musulmon,
musulmonning dasturxoniga.
Otam so‘kdi,
onam yig‘ladi,
momom uzoq qarg‘adi aytib;
og‘alarim qora paykalga
bir dona don sepmadi qaytib.
Bir bolakay o‘ldi ichimda,
mushtdek tanda o‘sdi bir odam:
bug‘doyzorga qo‘shilib shunda
yongan edi bolaligim ham.
Endi mavzu — non-suv, rizqu ro‘z,
endi go‘dak xayollar abas,
endi sinchkov boqib turgan ko‘z,
boshqa edi,
oldingi emas.
O‘sha yili qishning bo‘roni
lashkar surib kelganida tik,
dorilangan urug‘lik donni
tegirmonda tortib yegandik.
Aytolmasman nonga navbat ham
tinglamoqni kas-nokasini…
o‘lchab berar edi so‘ng onam
«magazinning buxankasi»ni.
Unutmayman
o‘z haqqin otam
itga eltib tashlagan onni,
yeb qo‘ygandim axir men nodon
Qoravoyga atalgan nonni.
Esimdadir yaxmalak yo‘llar,
g‘ichir-g‘ichir eski aroba,
kalish,
chopon,
qizargan qo‘llar,
temir suvdon — bo‘yim barobar.
Maosh nima bilmasdik,
shuncha —
ishlasa ham qaydadir otam;
isitmalab yiqilmaguncha
aytmas edik dardimizni ham…
Ko‘pga kelgan to‘ydir,
mehmondir,
bari o‘tdi,
biroq,
ne qilay,
bolalikning bog‘lari yondi
yashil qit’a o‘rmonlariday.
Shundan, balki, to‘lishgan sabot
qayg‘uni ham qarshilar tikka,
o‘tish og‘ir ammo,
ey hayot,
tiriklikdan tirikchilikka…
Dimog‘larni yondirsin atr,
yondir,
hayot,
g‘amning barini,
olov tutib yoqib qizartir
kelinlarning tandirlarini,
baxtdan yondir mudom ko‘zlarni,
ko‘ngillarni yoqsin muhabbat,
o‘tga solib tobla so‘zlarni…
bolalikni yondirma faqat!
Faqat shuni so‘rayman,
hayot,
toza hislar yonmasin derman;
sham yoqajak gugurtni, hayhot,
yomonlarning qo‘liga berma!




















