Amir Temur tuzuklari, o’gitlari

Amir Temur tuzuklari to’plami. 9 aprel kuni O’zbekistonda buyuk davlat arbobi va sohibqiron Amir Temurning tavalludi  keng nishonlandi. Shu munosabat bilan sizga Amir Temur o’gitlari, Amir Temur tuzuklari to’plamidan keltirmoqchimiz.

Amir Temur tuzuklari.

Bugungi kunda Temur tuzuklari ning qo‘lyozma va toshbosma nusxalari dunyo bo‘ylab keng tarqalgan. Ushbu noyob asarni jahonning ko‘pgina mamlakatlarida, jumladan, Buyuk Britaniya, Fransiya, AQSH, Rossiya, Finlyandiya, Daniya, Eron, Hindiston, Turkiya, Misr, Yaman kutubxonalaridan topsa bo‘ladi.

Tuzuk nima?

“Tuzuk” so‘zining lug‘aviy ma’nosi qonun-qoidalar to‘plami, nizom, degan ma’nolarni anglatadi. Boshqacha aytganda, Tuzuk – Konstitutsiya (lotincha “Constitution” – tuzilish, tuzuk) – davlatning Asosiy qonuni, deganidir.

“Konstitutsiya” atamasi, “Imperator Konstitutsiyasi” deb atalgan qonun misolida, qadimgi Rimdayoq ma’lum bo‘lgan. O‘z navbatida, “Temur tuzuklari” Sharq va Osiyo mamlakatlari sivilizatsiyasiga xos alohida shakldagi konstitutsiyaviy hujjat xususiyatiga ega bo‘lib, shariat qonunlari bilan bir qatorda Markaziy Osiyo mintaqasi xalqlari taqdiriga kuchli ta’sir o‘tkazgan.

Atoqli rus olimi D.Logofet “Temur tuzuklari”ni o‘rganib, unga Turkistonda Yevropadan 500 yillar oldin vujudga kelgan Konstitutsiyaviy kodeks, boshqacha aytganda, Amir Temur saltanatining Konstitutsiyasi, deb yuksak baho bergan. Binobarin, mustaqillikning dastlabki yillari – O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi loyihasining muhokamasi davrida Asosiy qonunimizni “Tuzuklar” deb atash tavsiya etilgani ham bejiz emas.

Azaldan ma’lumki, qaysi bir asar mazmun-mohiyatan g‘oyatda qimmatli, amalda juda zarur bo‘lsa, o‘shandan ko‘plab nusxalar ko‘chirilgan va tarqatilgan. “Temur tuzuklari” asosan toju taxt sohiblari uchun muhim qo‘llanma hisoblangan. Shuning uchun ham hukmdorlarning aksariyati bu asardan nusxa ko‘chirtirib, shaxsiy kutubxonasida asragan va davlat siyosiy faoliyatida muhim yo‘l-yo‘riq sifatida foydalangan.

Amir Temur tadbir ssenariysi

Tarixga murojaat etadigan bo‘lsak, buyuk vatandoshimiz Zahiriddin Muhammad Boburning avlodi Shoh Jahon (1628—1657), Qo‘qon xoni Muhammad Alixon (1821—1842) va Buxoro amiri Abdulahadxon (1885—1910) mohir kotiblariga buyurib, “Temur tuzuklari”dan o‘zlari uchun nusxa ko‘chirtirganlar.

Haqiqatan, har bir satri bir umr el-yurt, saltanat tashvishi bilan yashagan fidoyi inson, ulkan davlat arbobining keng miqyosdagi o‘y-fikrlari, hayot va kurash tajribasi, mushohadasi, ba’zan esa dardli va iztirobli kechinmalari bilan sug‘orilgan bu asarda qanday teran ma’no mujassam ekanini ma’rifatli, zukko insonlar yaxshi anglashlari tayin.

Amir Temurning davlat boshqaruvi tizimi.

Sohibqiron ajdodimiz, ilgarigi davrlardan farqli holda, jamiyatdagi barcha tabaqalarning haq-huquqlari va manfaatlarini inobatga olib, ularning hayoti uchun zarur ijtimoiy zaminni vujudga keltirgan. Har bir toifaning haq-huquklari, burch va majburiyatlari o‘ziga xos qonun bilan kafolatlab qo‘yilgan.

Amir Temurning ulkan xizmatlaridan yana biri – davlat boshqaruvini tashkil qilish bilan bog‘liq. Hokimiyatning qonun chiqaruvchi va ijroiya tarmoqlariga bo‘linishiga asoslangan mazkur tizimni joriy etishda Amir Temur ko‘r-ko‘rona emas, balki o‘zi yashab turgan voqelikni nazarda tutgan holda ish yuritgan.

Taniqli tarixchi olim Azamat Ziyoning fikricha, bu tizimda saltanat darajasiga ko‘tarilgan davlatning jo‘g‘rofiy hududlari doirasida yashovchi xalqlarning turmush tarzi, an’analari, ma’naviy-ruhiy ehtiyojlari ham inobatga olingan. Davlat boshqaruvi tizimiga Amir Temur olib kirgan yangilikning mohiyati ham aslida shu bilan belgilanadi.

Amir Temur oliy davlat idorasi maqomida qurultoyni belgilagan. bugungi tushunchadagi kongress, assambleya, majlis, s’ezd kabilarga to‘g‘ri keladigan ushbu siyosiy institut boshqaruv mahkamasi va davlat ahamiyatiga molik bo‘lgan eng asosiy masalalarni hal etib, unda saltanatdagi barcha yirik siyosiy, iqtisodiy, harbiy va madaniy soha namoyandalari ishtirok etgan.

Davlatni mustahkamlash, jamiyatni rivojlantirish borasida ijro etuvchi tizim vazirliklarning o‘rni muhim bo‘lgan Amir Temur davrida siyosiy, ijtimoiy, iqtisodiy, huquqiy, madaniy munosabatlarni to‘g‘ri yo‘lga qo‘yib, ulardan jamiyat manfaati yo‘lida foydalanish uchun qat’iy intizomga asoslangan, talabchan ijroiya mexanizmi zarur edi. Sohibqiron ana shunday tizimni yarata olgan.

Amir Temur saltanatining ijro etuvchi tizimidagi sakkiz vazirlik va yana bir necha muassasalar moliya, soliqlar, daromad va xarajatlar, mulkchilik, yetishtiriladigan hosil, chorva, yaylovlar ahvoli, obodonchilik, xabar va pochta, harbiy va adliya sohalarini boshqargan. Masalan, harbiy ishlar vazirligi harbiylarga maosh berish, ularga tegishli mulklarni boshqarish, qurol-aslaha ta’minoti, harbiy mashqlarni tashkil etish kabi vazifalar bilan bir qatorda, iste’foga chiqqan, urushda yarador bo‘lib, mehnat qobiliyatini yo‘qotganlarga nafaqa belgilash kabi yumushlarni ham bajargan.

Sohibqironning 12 muhim tuzugi.

O‘z navbatida, “Temur tuzuklari” asari davlatni idora qilish usullari, qo‘shinni tashkil etish qoidalari, urushlarda amalga oshirilishi zarur bo‘lgan turli harbiy uslublar singari qator siyosiy, huquqiy, harbiy va axloqiy g‘oyalar va me’yorlarni o‘z ichiga olgan.

“Temur tuzuklari”ning markazida inson, uning qadr-qimmatini joyiga qo‘yish turadi. Shu ma’noda, Sohibqironning huquqiy qarashlarida, avvalo, mamlakat ishlari tuzuki alohida ahamiyatga egadir.

“Saltanat ishlarini qonun va qoidalar, to‘ra va tuzukka solib, saltanatim martabayu e’tiborini saqladim”, deyiladi “Temur tuzuklari”da va saltanat obro‘-martabasini saqlashga doir quyidagi to‘rtta asosiy tuzuk sanab o‘tiladi.

“Birinchidan, saltanatim qonun-qoidalarini islom dini va kishilarning eng xayrlisi (hazrati Muhammad)ning shariatiga bog‘lab, izzatu hurmatlash vojib bo‘lgan onhazratning avlodi va sahobalariga muhabbat bildirish asosida tuzdim. Saltanatim martabasini to‘ra va tuzuklar asosida shunday saqladimki, uning ishlariga aralashishga hech bir kimsaning qurbi yetmasdi.

Ikkinchidan, sipohu raiyatni umid va qo‘rquv orasida saqladim. Do‘st-dushmanni murosayu madora martabasida tutdim. Qilmishlarini, aytgan gaplarini sabr-toqat va chidam bilan o‘tkazdiim. Do‘st-dushmandan kimki menga iltijo qilib kelsa, do‘stlarga shunday muomala qildimki, do‘stligi yanada ortdi, dushmanlarga esa shunday munosabatda bo‘ldimki, ularning dushmanligi do‘stlikka aylandi…

Uchinchidan, hech kimdan o‘ch olish payida bo‘lmadim. Tuzimni totib, menga yomonlik qilganlarni Parvardigori olamga topshirdim. Ish ko‘rgan, sinalgan, shijoatli er-yigitlarni qoshimda tutdim. Sofdil kishilar, sayyidlar, olimlar va fozillarga dargohim doim ochiq edi. Nafsi yomon himmatsizlarni, ko‘ngli buzuq qo‘rqoqlarni majlisimdan quvib yubordim.

To‘rtinchidan, ochiq yuzlilik, rahm-shafqat bilan xalqni o‘zimga rom qildim. Adolat bilan ish yuritib, jabr-zulmdan uzoqroqda bo‘lishga intildim”, deb qayd etiladi asarda.

“Temur tuzuklari” talablari doirasida Amir Temur o‘z saltanatini o‘n ikki toifadagi kishilar bilan mustahkamlagani tarixdan yaxshi ma’lum. Bu haqda: “Saltanatim martabasi bo‘lmish to‘ra-tuzuklar va qonun-qoidalarni ham shu o‘n ikki toifaga bog‘lab tuzdim”, deydi Sohibqiron hazratlari.

“Temur tuzuklari”da davlat boshqaruvining har bir sohasi va har qaysi mansab darajasi bo‘yicha muayyan tuzuklar bitilgan. Amir Temur 12 ta eng muhim tuzukni o‘ziga shior qilib olgan va saltanatni tasarrufida saqlash uchun ularga qat’iy amal qilgan. Binobarin, ulug‘ ajdodimiz e’tirof etganidek, “O‘z tajribamdan sinab bildimki, agar qay bir podshoh shu o‘n ikki narsaga ega bo‘lmas ekan, saltanatdan bebahra qolur”.

Shunday qilib, 27 mamlakatdan tarkib topgan buyuk saltanat asoschisi Sohibqiron Amir Temur ibn Tarag‘ay yirik davlat arbobi, mohir diplomat, ulug‘ sarkarda, ilmu madaniyat homiysi, haq va adolatning jasoratli yalovbardori sifatida milliy davlatchilikda, huquq va siyosat sohasida o‘zidan unutilmas va barhayot ta’limotlar, to‘ra-tuzuklar qoldirgan.

Amir Temur o’gitlari.

  • Kuch — adolatdadir.
  • Kurashib erishilmagan g‘alaba g‘alaba emas.
  • Chorasi yo‘q ishga kirishma, chunki undan qutulib bo‘lmaydi.
  • Qudratimizga shubha qilsangiz, biz qurdirgan imoratlarga boqing.
  • Bir tayoqni sindirish mumkin, ko‘p tayoqni bukolmaysan ham.
  • Og‘zingga qon to‘lsa ham, dushman oldida tupurma.
  • Qilichim o‘tkir bo‘lsa-da, o‘ylab qinidan chiqardim, shirin so‘z aytib, g‘animning imon topmog‘iga yo‘l ochdim.
  • Boshsiz mamlakat jonsiz tanaga o‘xshaydi, bejon tanning ahvoli vayronalikka yaqindir.
  • Shijoatli kishilarni do‘st tut, chunki Alloh jasur kishilarni ardoqlaydi.
  • Yuz ming otliq askar qila olmagan ishni bir to‘g‘ri tadbir bilan amalga oshirish mumkin.
  • Ulamo bilan suhbatda bo‘l va pok niyatli, toza qalbli kishilarga talpin. Bularning himmatlaridan ulush tilanib, muborak nafaslari bilan duo-fotiha berishlarini iltimos qil.
  • Bir kun keladiki, zolim o‘z barmoqlarini tishlaydi.
  • Vahima— dushmanning yo‘ldoshi.
  • Qilich o‘tkir bo‘lsa-da o‘z sopini kesmagay.
  • Kechira olishlik— mardlik, kechira bilmaslik nomardlik sanaladi.
  • Yaxshi odam yurt tuzar, yomon odam yurt buzar.
Amir Temur haqida she’rlar

Internet ma’lumotlaridan foydalanildi.