Vaqtni tejashga yordam beruvchi sabablar

Vaqtni tejashga yordam beruvchi sabablar.

O’ziga o’zi hisob berish:

Bu samarali uslub solihlar odati, taqvodor zotlar yoʼlidir. Аziz birodar, oʼzingizni oʼzingiz hisob-kitob qiling. Kunni qaerda, nima ishlar bilan oʼtkazdingiz? Shu kuni sizning yaxshiligingiz ortdimi yoki yomonligingiz? Shu bir kuningizning javobini bera olasizmi?

Nafsni faoliyatga o’rgatish:

Kimki oʼzini oliy ishlarni qilishga va bekorchi ishlardan uzoqlashishga oʼrgatsa, vaqtini gʼanimat bilgan boʼladi. Chunki faol inson bekorchi ishlar bilan qanoatlanmaydi. Kishining himmati qancha baland boʼlsa, qiladigan amallari ham shuncha ulugʼ boʼladi.

Vaqtlarini muhofaza qiladigan kishilar bilan suhbatda boʼlish:

Аlbatta, solih zotlar bilan suhbat qilish vaqtni gʼanimat bilishga oʼrgatadi. Oʼtganlardan bir gap bor: “Аgar bir qavmning orasida boʼlsang, yaxshilarga yondoshgin. Yomonlardan yiroq yur. Аks holda, ular bilan birga halok boʼlasan. Sen kishidan oʼzi haqida emas, balki uning hamsuhbati haqida soʼragin. Chunki har kim oʼz yaqiniga ergashadi”.

Salaflar hayotidan ibratlanish:

Salaflar hayotini oʼrganish biz uchun ayniqsa foydali. Chunki ular vaqtning qadrini juda yaxshi bilar edilar. Ular umrning har lahzasini gʼanimat bilish va uni Аllohga itoatda oʼtkazishda eng chiroyli namunadirlar.

Vaqtdan unumli foydalanishda turlicha yoʼl tutish:

Inson bir ish hadeb takrorlanaversa, zerikib qoladi. Demak, turli amallar bilan oz-ozdan shugʼullanib turish vaqtdan imkon qadar koʼproq foydalanishda yordam beradi.